bugungi traktorlarni boshqarish maxsus malaka talab qiladi
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi Qashqadaryo viloyati boshqarmasi hamda Qashqadaryo viloyati kasbiy ta’limni rivojlantirish va muvofiqlashtirish hududiy boshqarmasi hamkorligida press-tur tashkil etildi.
Unda Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 17 apreldagi “Qishloq xo‘jaligi, melioratsiya va yo‘l-qurilish texnikalaridan foydalanishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Qarshi tumanidagi 2-sonli kasb-hunar maktabida traktorchi-mashinist kasbi bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash kurslari va yaratilgan sharoitlar haqida ma’lumot berildi.
Ayni paytda mazkur o‘quv maskanida traktorchi-mashinist kasbi bo‘yicha 27 nafar tinglovchi saboq olmoqda.
Shuningdek, ishtirokchilar “O‘zagroinspeksiya” viloyat boshqarmasining texnik holati va agrotexnik tadbirlarni nazorat qilish bo‘limi inspektorlariga o‘quvchilar tomonidan nazariy va amaliy imtihonlar topshirishi, imtihon natijalariga ko‘ra, traktorchi-mashinist guvohnomasi berilishi bilan ham yaqindan tanishdi.
Viloyatda traktorchi-mexanizator mutaxassislarni tayyorlashga ixtisoslashgan 16 ta kasb-hunar maktabi va 1 ta nodavlat o‘quv maskani faoliyat yuritmoqda. Ayni paytda maktablarda 560 tinglovchi sohani chuqur o‘rganmoqda.
[gallery-5867]
– Davlatimiz rahbari raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida yo‘llarda inson xavfsizligini ta’minlash chora-tadbirlari muhokama etilib, harakat xavfsizligini ta’minlash yuzasidan kechiktirib bo‘lmaydigan vazifalar belgilangach, “O‘zagroinspeksiya”ning Qashqadaryo viloyat boshqarmasi va tumanlar bo‘limlari tomonidan nazorat tadbirlari o‘tkazildi, – deydi “O‘zagroinspeksiya”ning Qashqadaryo viloyat boshqarmasi texnika holati va agrotexnik tadbirlarni nazorat qilish bo‘limi boshlig‘i Alisher Achilov.
– Aytish kerakki, bugungi traktorlar avvalgidek bir hafta yursa, ikki hafta ta’mirlanmaydi, aksariyati zamonaviy. Mexanizator boshqarishiga qulay, fermer uchun xarajati kam. Bunday traktorlar texnikani tushunadigan, uni boshqarishni biladigan va buning uchun huquqi bor kishiga berilmoqda. Xususan, o‘tgan yil davomida viloyat bo‘yicha jami 11 ming 46 ta texnikaga texnik pasport, 18 ming 57 ta texnik guvohnoma, mexanizatorlarga 5 ming 627 ta traktorchi-mashinist guvohnomasi yangi ID karta shaklida berildi.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA