Bugungi sharoitda limon importiga ruxsat bormi?
Koronavirusga qarshi inson immunitetini oshirishda S vitamini muhim ahamiyatga ega.
Koronavirusga qarshi inson immunitetini oshirishda S vitamini muhim ahamiyatga ega. Ayni vaqtda yurtimizda tarkibida ushbu vitamin koʻp miqdorda boʻlgan limon yetishtirish ommalashgan.
Hozirgi vaziyatda aholining limonga boʻlgan talabi yuqori ekanligidan ichki bozorda narxi koʻtarilayotganini kuzatish mumkin. Narxning barqarorlashtirish uchun xorijdan, misol uchun Xitoydan limon olib kirishga ruxsat bormi?
– Oʻzbekistonda yetishtirilmaydigan, lekin aholining talabi boʻlgan barcha mahsulotlarning importiga ruxsat berilgan, – deydi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻsimliklar karantini davlat inspeksiyasi matbuot kotibi Durdona Ochilova. – Sitrus mevalar shular jumlasidandir. Masalan, yurtimizda aholining limonga boʻlgan yillik talabi 125 ming tonna boʻlib, oʻzimizda 30 ming tonna limon yetishtirilayotgani inobatga olib, may, iyun va avgust oylari uchun limon importiga ruxsat berilishi mumkin.
Faqatgina bu kabi mahsulotlar uchun eksport qiluvchi mamlakatning oʻsimliklar karantini boʻyicha vakolatli organi fitosanitar sertifikat taqdim etishi lozim. Mazkur sertifikat asosida elektron ariza topshiriladi. Avvallari bunday murojaatlar 30 kun davomida koʻrib chiqilgan boʻlsa, hozirda 3 kun ichida Oʻzdavkarantin inspeksiyasi import uchun karantin ruxsatnomasi rasmiylashtirib beradi.