Bugunga qadar 530 mingdan ortiq o‘quvchi 1-sinfga qabul qilindi
Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmati tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, 2022-2023 o‘quv yili uchun 1-sinfga qabul jarayonlari davom etmoqda.
Yangi o‘quv yilida respublika umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 1-sinfiga 700 mingdan ortiq bolalarni qabul qilish rejalashtirilgan. bugungi kunga qadar 530 ming nafardan ortiq o‘quvchi 1-sinfga qabul qilindi.
Ota-onalarga qulaylik yaratish va qabul jarayonlarini tartibli tashkil etish maqsadida 1-sinfga qabul 2 bosqichda, ya’ni 31 iyulga qadar mahalliy hokimlik qarorlari bilan biriktirilgan mikrohudud doirasida, 1 avgustdan so‘ng esa mikrohududdan tashqari hududlar bo‘yicha amalga oshirilishi belgilangan.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar markazlari va Toshkent shahridagi jami 25 ta shahar va tumanlardagi 816 ta umumta’lim maktablarida 1-sinfga qabul jarayonlari elektron shaklda (my.maktab.uz) qolgan hududlarda esa belgilangan tartibda an’anaviy shaklda ya’ni bevosita maktabda amalga oshirilmoqda.
1-sinfga qabul jarayoni bilan bog‘liq ota-onalarning murojaatlarini ko‘rib chiqish uchun Xalq ta’limi vazirligida Call-markaz tashkil etilgan va unga shu kunga qadar 7 mingga yaqin murojaatlar kelib tushgan. Murojaatlar mutaxassislar tomonidan o‘rganilib, qisqa muddatlarda hal etilmoqda.
Ota-onalarga "Ta’lim to‘g‘risida"gi qonun talabiga muvofiq, 1-sinfga ular 7 yoshga to‘ladigan yilda qabul qilinishi hamda elektron qabul jarayonlari yuzasidan savollari bilan Vazirlikning Sall-markazi 71-203-07-04 ga qo‘ng‘iroq qilib, murojaat etishlari mumkin.
O‘zA