Bugun tug‘ilgan kun – Shahrullo Mahmudov
O‘zbekiston Respublikasi sport vaziri o‘rinbosari Shahrullo Mahmudov 1970-yil 13-sentabr kuni Buxoro viloyatida tug‘ilgan.
O‘zbekiston sport harakatining yorqin vakillaridan biri Shahrullo Mahmudov uzoq yillar og‘ir atletika bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi, mamlakat og‘ir atletika federatsiyasi bosh kotibi vazifalarida samarali mehnat qildi. Hozirda u O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari hamda O‘zbekiston Respublikasi sport vazirining o‘rinbosari vazifasida mamlakatimiz sporti rivojiga o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda.
Sh.Mahmudov Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasi va Osiyo og‘ir atletika federatsiyasi ijroiya qo‘mitasi a’zosi hisoblanadi. Osiyo Olimpiya kengashi hamda Osiyo o‘yinlari tashkiliy qo‘mitasi qarori bilan u 2023-yil Xitoyda o‘tgan XIX Osiyo o‘yinlarining og‘ir atletika musobaqalarini o‘tkazish va tashkil etish komissiyasi raisi sifatida samarali faoliyat olib bordi.
Mamlakatimiz sport dovrug‘ini dunyoga yoyib kelayotgan Ruslan Nuruddinov, Akbar Jo‘rayev, Doston Yoqubov, Tursunoy Jabborova kabi sportchilarning yetishib chiqishida, “Rio-2016”, “Tokio-2020” va “Parij-2024” Olimpiya o‘yinlarida sportchilarimizning muvaffaqiyatga erishishida Sh.Mahmudovning alohida xizmatlari bor.
Yangi O‘zbekistonning yangi g‘alabalarini ta’minlash, mamlakatimizda sport va Olimpiya harakatini yuksaltirish borasidagi xizmatlari uchun Shahrullo Mahmudov davlatimiz tomonidan 2002-yilda “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sport ustozi”, 2016-yilda “Mehnat shuhrati” va 2021-yilda I darajali “Sog‘lom avlod uchun” ordenlari bilan taqdirlangan.
O‘zA