Bugun Superligada 16-tur bahslari yakunlanadi
Farg‘ona, Toshkent va Qarshida muhim bahslar muxlislarni kutmoqda.
Bugun, 8-avgust kuni O‘zbekiston Superligasining 16-turidan o‘rin olgan so‘nggi uchta uchrashuv bo‘lib o‘tadi. Farg‘ona, Toshkent va Qarshida muhim bahslar muxlislarni kutmoqda.
«Neftchi» — «Qizilqum»
Turning e’tiborli uchrashuvlaridan biri Farg‘onada bo‘lib o‘tadi. Chempionlik uchun kurashayotgan «Neftchi» o‘z maydonida «Qizilqum»ni qabul qiladi.
Farg‘onaliklar mavsumni juda yaxshi o‘tkazmoqda. Ayniqsa, jamoaning himoyadagi ko‘rsatkichlari yuqori. «Neftchi» chempionat davomida eng kam gol o‘tkazayotgan jamoalardan biri bo‘lib turibdi.
«Qizilqum» esa turnir jadvalining quyi qismidan uzoqlashish uchun ochkolarga muhtoj. Navoiyliklar 14-turda «Nasaf»ga 0:1 hisobida imkoniyatni boy berdi.
Mavsumning birinchi davrasidagi o‘zaro bahsda ham «Neftchi» ustun kelgan. Endi «Qizilqum» Farg‘onada revansh olishga harakat qiladi.
Uchrashuv 19:00 da boshlanadi.

«Bunyodkor» — OKMK
Toshkentda «Bunyodkor» va OKMK o‘zaro bahs olib boradi.
«Bunyodkor» uchun so‘nggi turlar oson kechmayapti. Toshkentliklar 12-turda «Nasaf»ga 1:3, 13-turda «Buxoro»ga 0:1, 14-turda esa «Paxtakor»ga 0:1 hisobida imkoniyatni boy berdi. 15-turda jamoa safarda «Qizilqum» bilan to‘qnash kelishi kerak edi, biroq bahs oʻtkazilmadi.
OKMA esa aksincha, yaxshi natijalar qayd etib kelmoqda. Olmaliqliklar 12-turda «Navbahor»ni 3:2, 13-turda «Qo‘qon-1912»ni 4:1, 14-turda «Mash’al»ni 2:1 hisobida mag‘lub etdi. 15-turda esa «Nasaf» bilan bahs olib bordi.
Shu sabab bugungi uchrashuvda «Bunyodkor» muvaffaqiyatsiz natijalar seriyasiga barham berishga, OKMK esa yuqori o‘rinlar uchun kurashni davom ettirishga harakat qiladi.
Bahs 19:30da start oladi.

«Nasaf» — «Qo‘qon-1912»
Qarshida esa «Nasaf» o‘z maydonida «Qo‘qon-1912»ni qabul qiladi.
«Nasaf» mavsumning dastlabki qismida ko‘p ochko yo‘qotgan bo‘lsa-da, yuqori o‘rinlar uchun kurashdan chiqib ketgani yo‘q. Qarshiliklar 12-turda «Bunyodkor»ni 3:1 hisobida mag‘lub etdi, 13-turda «Mash’al» bilan 1:1 o‘ynadi va 14-turda «Qizilqum» ustidan 1:0 hisobida g‘alaba qozondi. Soʻnggi turda esa OKMKni magʻlub etdi.
«Qo‘qon-1912» esa quyi pog‘onalarda qolmoqda. Jamoa 12-turda «Mash’al»ga 0:1, 13-turda «OKMK»ga 1:4 hisobida yutqazgan, 14-turda esa «Dinamo»ga qarshi sermahsul uchrashuvda 2:3 hisobida imkoniyatni boy bergan.
Jamoalarning birinchi davradagi uchrashuvida g‘olib aniqlanmagan — «Qo‘qon-1912» va «Nasaf» 1:1 hisobida durang qayd etgan. Bugun qarshiliklar o‘z maydonida birinchi davrada yo‘qotilgan ikki ochkoning o‘rnini to‘ldirishga harakat qiladi.
Uchrashuv 20:00 da boshlanadi.
