Bugun qog‘ozbozlik naf bermaydi yoxud hujjatlarni elektron shaklda berishning yangi bosqichi haqida
Farmon va sharh
Mahalladan oila a’zolaringiz haqida ma’lumotnoma olib keling. Mehnat daftarchangizdan ko‘chirma ilova qiling. Ish haqingiz haqida ma’lumotnoma kerak bo‘lyapti. Sudlanmaganingiz to‘g‘risida bir enlik qog‘oz zarur...
Yaqin-yaqingacha shunday so‘rovlarga duch kelib turar edik.
Bu to‘rt turdagi ma’lumotnomani to‘plash uchun to‘rt manzilga borish kerak. Ba’zi idoralarga shunchaki borish bilan ish bitmaydi, kimgadir “sarg‘ayish”ga to‘g‘ri keladi.
Endi bunday hujjatlar turi yuzlab ekanligini tasavvur qiling. Ularning ba’zilarini yig‘ayotgan kishining va ma’lumotnomalarni tayyorlashga kirishgan davlat xizmatchilarining qancha vaqti ketishi haqida o‘ylab ko‘ring. Yomon tomoni jarayonda, arzimas summa bilan bo‘lsada, korrupsion holatlar kuzatilmasligiga hech kim kafolat bermas edi. Bular masalaning hammamizga ko‘rinib turgan tomonlari xolos.
Xat-hujjat qo‘ltiqlab yurishga barham berilayotgani quvonarli. Bugun fuqarolar Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali qanchadan-qancha muammolarini osongina hal qilmoqda. Sohalarning raqamlashayotgani, axborot texnologiyalaridan foydalanilayotgani shunisi bilan ahamiyatli.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 3 yanvarda qabul qilingan “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish tizimini isloh etish va sohani raqamlashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni sohadagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqadi.
So‘nggi yillarda yurtimizda amalga oshirilgan sud-huquq islohotlari doirasida sud va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish tizimini takomillashtirish borasida salmoqli ishlar amalga oshirildi.
E’tiborlisi sohadagi yangilanishlar jarayoni to‘xtagani yo‘q. Jahondagi ilg‘or demokratik davlatlarda sud hujjatlarini ijro etish sohasida shakllangan tajriba tahlillari olib borilmoqda.

Majburiy ijro byurosini rivojlantirishning zamon talablari va jahon tendensiyalariga to‘liq javob beradigan usullariga o‘tishga harakat qilinmoqda.
Yangi hujjatda shu jihatlarga ham alohida e’tibor qaratildi.
– Farmonda belgilangan vazifalar mamlakatimizdagi sud-huquq islohotlarini muhim bosqichga olib chiqadi, – deydi Majburiy ijro byurosi direktori Muzaffar Egamberdiyev. – Tizimda keng ko‘lamli raqamlashtirish ishlari olib boriladi. Sudlar va boshqa davlat idoralari bilan elektron hamkorlik kuchaytirilmoqda. Bu orqali faoliyatimizda shaffoflik ortadi, aholiga qo‘shimcha qulayliklar yaratiladi. Ijro jarayonlari ishtirokchilari va davlat ijrochilari o‘rtasida onlayn muloqot yo‘lga qo‘yilishi belgilandi. Tizimda mol-mulklarning harakati, pul mablag‘lari hisobini yuritish va taqsimlash ishlari ham to‘liq raqamlashtiriladi. Natijada ish samaradorligi oshirilib, korrupsion holatlarga barham beriladi.
Farmonga ko‘ra, shu yil 1 maydan boshlab sud hujjatlari asosida ijro hujjatlarini elektron shaklda berish – yuborish, taqdim etish tartibi joriy etiladi. Shuningdek, iqtisodiy ishlar bo‘yicha sud hujjatlari asosida ijro hujjatlarini faqat elektron shaklda berish tartibi joriy etiladi. Bu jarayonda O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida ijro etilishi lozim bo‘lgan ijro hujjatlari bundan mustasno etilgan.
Sud hujjatlari asosida beriladigan ijro hujjatlari QR-kod bilan tasdiqlangan holda elektron raqamli imzo bilan rasmiylashtiriladi.
– Yuridik shaxslar tomonidan sud hujjatlari asosida berilgan ijro hujjatlari va ijro ishi yuritishi doirasida qabul qilingan qarorlar hamda boshqa hujjatlar ularning soliq to‘lovchi shaxsiy kabineti orqali olinadi, – deydi Soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayev. – Tadbirkorlar tomonidan sudlarga qarorlar ijrosi bo‘yicha murojaat bo‘lganda ham shu tartibdan foydalaniladi. Kelgusida 750 ming nafardan ortiq tadbirkorlik sub’ektlari elektron xizmatlardan foydalanishi ko‘zda tutilmoqda. Bu ularga vaqtdan yutish imkonini beradi, ortiqcha ovoragarchiliklarini kamaytiradi.
Yangi tartib tadbirkorlar, jismoniy shaxslar va sudning vaqt resursi tejalishiga xizmat qiladi. Aytaylik, ijro varaqa elektron tarzda rasmiylashtirilgan zahoti undiruvchiga yuboriladi. Endi rasmiylashtirish jarayoni, qog‘oz sarfi, undiruvchining ariza yozishi bilan bog‘liq xarajatlar qisqaradi. Amaliyotda ba’zi sabablarga ko‘ra ijro hujjatlari yo‘qolish holatlari ham uchrab turardi. Buni qayta rasmiylashtirish uchun undiruvchi sudga uning nusxasini olishni so‘rab ariza yozishiga to‘g‘ri kelardi. Bu holatlarga ham barham beriladi
Shuningdek, joriy yil 1 dekabrdan boshlab sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarining so‘zsiz ijrosini ta’minlovchi «Majburiyatlar reyestri» instituti joriy etiladi.

Bu reyestr Majburiy ijro byurosi tomonidan yuritiladi. Qarzdor mol-mulki yo‘qligi sababli undiruv amalga oshirish imkoniyati bo‘lmaganda, u haqidagi ma’lumotlar majburiy tartibda reyestrga kiritiladi.
Qarzdor haqida ma’lumot reyestrga kiritilgandan keyin unga nisbatan ijro ishi doirasida qo‘llanilgan barcha cheklovlar saqlab qolinadi. Hujjatga kiritilgan qarzdorning mol-mulki va pul mablag‘lari aniqlanganda majburiy ijro harakatlari davom ettiriladi.
Qarzdor ijro hujjati bo‘yicha majburiyatini bajarganda esa undiruvchining arizasiga ko‘ra, u haqidagi ma’lumotlar reyestrdan chiqariladi. Qarzdor vafot etganda yoki uning 10 yil davomida mol-mulki yoki pul mablag‘lari haqida ma’lumot aniqlanmaganda, bankrot deb topilganda va qayd etilgan boshqa holatlarda ham ma’lumotlar reyestrdan chiqarilishi ko‘zda tutilmoqda.
Bosh prokuratura manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda shu yilning 1 avgustiga qadar «Majburiyatlar reyestri» institutini amaliyotga joriy etish bo‘yicha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqadi.
Yangi tartibning joriy qilinayotgani, sohaning raqamlashishiga urg‘u berilayotgani turli qog‘ozbozliklarning oldini olishi shubhasiz.
Ikrom AVVALBOEV, O‘zA