Bugun odamlar bu sohaning vazifalarini tushundi...
Mustaqillik bayrami arafasida yurtimiz taraqqiyoti va ravnaqiga munosib hissa qo‘shgan turli soha vakillarini taqdirlash an’anaga aylangan.
«O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz bir yilligi munosabati bilan fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, sport, adabiyot, madaniyat, san’at sohalari va ommaviy axborot vositalari xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida»gi Prezident farmoniga ko‘ra, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i Bahodir Yusupaliyev II darajali «Salomatlik» ordeni bilan mukofotlandi.
Mutasaddining mukofotlanish jarayoni, taassurotlari, fikrlari bilan qiziqdik.
Bahodir Yusupaliyev, II darajali «Salomatlik» ordeni sohibi:
– Davlatimiz rahbari mana shu mukofotni berganlarida menga yuksak ishonch bildirdi. Vatanimiz, xalqimizga sidqidildan xizmat qilaman. Eng og‘ir paytlarda ham mutaxassislarimiz qo‘lidan kelganicha pandemiyani bartaraf etishda qatnashdi. 4-5 yil oldin sanitariya-epidemiologiya xizmati nima deganda, hech kim tushunmasdi. Bugunga kelib, ajratilayotgan mablag‘lar, ko‘rsatilayotgan e’tibor natijasida odamlar sohaning vazifalarini tushundi.
Masalan, aynan pandemiya paytida 20 milliard so‘mlik Milliy referens laboratoriyasi qurilib, ishga tushirildi. Sanitariya-epidemiologiya xizmatini, shaxsan mening ishimni shu darajadagi mukofotga loyiq deb o‘ylamagandim. Bu nafaqat menga, balki sanitariya-epidemiologiya xizmati jamoasiga berilgan mukofotdir
Darhaqiqat, oldinda hali qilishimiz kerak bo‘lgan juda ko‘p ishlar bor...
Mohigul Qosimova, O‘zA