Bugun Misrda milliy bayram – Inqilob kuni nishonlanmoqda
Dunyoning yetti mo‘’jizasidan biri – ehromlar (piramidalar) joylashgan Afrika shimoliy-sharqidagi davlat – Misr Arab Respublikasining poytaxti Qohira shahri. Ma’muriy jihatdan 27 viloyatga bo‘lingan. Isroil, Falastin, Sudan va Liviya bilan chegaradosh. Pul birligi Misr funti. Davlat tili – arab tili. Amaldagi konstitutsiyasi 1971 yil 11 sentyabrdagi referendumda ma’qullangan, keyinchalik hujjatga o‘zgarishlar kiritilgan.
Davlat boshlig‘i – prezident (2014 yildan Abdulfattoh As-Sisiy). Vakolat muddati – 6 yil. Qaytasaylanish soni cheklanmagan. Qonun chiqaruvchi hokimiyatni prezident boshqaradi. U Bosh vazir va hukumat a’zolarini tayinlaydi hamda lavozimidan ozod qiladi.

Misr 1945 yildan BMTa’zosi. Milliy bayrami – 23 iyul, Inqilob kuni.
Maorif haqida gap ketganda X asrda Al-Azhar universitetga asos solinganini qayd etish lozim. Dastlabki dunyoviy o‘quv yurtlari XIX asr ikkinchi yarmida paydo bo‘ldi. Xorijiy va mahalliy xususiy maktablar barpo etildi. 4 yillik boshlang‘ich maktab eng ko‘p tarqalgan o‘quv yurti edi. 1952 yildan keyin boshlang‘ich va o‘rta maktab isloh qilindi. 1956 yil barcha bolalarga 6 yoshdan majburiy bepul boshlang‘ich ta’lim berish haqida qonun qabul qilindi. 1962 yilgi dekret maktabgacha tarbiyadan to oliy o‘quv yurtigacha, barcha davlat o‘quv yurtlarida bepul ta’lim joriy etdi. Endilikda bolalar uchun 6 yoshdan boshlab 6 yillik boshlang‘ich ta’lim, so‘ngra 3 yillik to‘liqsiz tayyorlov va 3 yillik to‘liq o‘rta maktab mavjud. Barcha bosqichlarni jamlagan xususiy maktablar bor. Hunar-texnika tayyorgarligi hunar bilim yurtlari, hunar markazlari, o‘rta maxsus o‘quv yurtlari, shuningdek, 5 yillik texnika maktablarida olib boriladi. Oliy ta’lim tizimiga universitet, institut va 4 yillik kollejlar kiradi. To‘liqsiz oliy ma’lumot beradigan 2 yillik texnika institutlari ham bor. Mamlakatdagi 14 universitetning eng yiriklari: Qohira, Ayn Ash-Shams, Iskandariya universitetlari, Al-Mansura va Qohiradagi politexnika hamda Asvondagi industrial institutlar talabalar talpinadigan eng mashhur maskanlardir.
Mashhur muzeylari – Islom san’ati muzeyi (1882 yil ochilgan), Geologiya muzeyi (1899y), Misr muzeyi, Zamonaviy san’at muzeyi (1920), Paxta muzeyi (1923), Transport yo‘li muzeyi (1933), Harbiy muzey – hammasi Qoxirada, Iskandariyadagi Yunon-rim osori atiqalari muzeyi (1892) kabi dil tortar dargohlar hamisha sayyohlar bilan gavjum.
Misr media sanoati ham rang-barangligi bilan ajralib turadi.
Vaqtli nashrlar soni 300 dan oshadi. Eng yiriklari – “Al-Ihrom“ (1875 yildan faoliyat ko‘rsatadi), “Al-Axbor“ (1944), “Al-Jumhuriya“ (1953), “Al-Aholi“ (1978), “Axbor Al-Yavm“ (Kun yangiliklari, 1944), “Al-Vafd“ (1984) kabi kundalik gazetalar, shuningdek “Axir sa’a“ (So‘nggi soatda, 1934), “Al-Kavokib“ (Yulduzlar, 1952) jurnallar arab tilida nashr etiladi.
Fransuz tilida chiqadigan kundalik xususiy “Misr gazetasi“ (1936), ingliz tilida chiqadigan kundalik “Misr pochtasi” gazetasi va qator elektron nashrlar bor.
Misr radioeshittirish va teleko‘rsatuv uyushmasi 1928 yil tashkil etilgan.
“Maspero” rasmiy ravishda Milliy Media qo‘mitasi – Misr hukumati organi, Axborot vazirligi o‘rniga tuzilgan. Yaqin Sharqdagi eng qadimgi va eng yirik media tashkilotlaridan biri. Arab tilidagi media-kontent va ijodiy merosning asosiy qismiga egalik qiladi. Bosh qarorgohi Qohirada joylashgan. Davlat audio va vizual ommaviy axborot vositalari (davlat televideniyesi va radiosi) faoliyatini boshqarish, tartibga solish uchun javobgar.
Misr hukumati axborot xizmati o‘ziga xos rasmiy ommaviy axborot vositasi va jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi sifatida xizmat qiluvchi davlat organidir. 2012 yil 6 sentyabrdagi qaror bilan ushbu xizmat Axborot vazirligi tizimidan Respublika Prezidenti tasarrufiga o‘tkazildi. 1954 yil tashkil etilgandan buyon iqtisodiyot, siyosat, madaniy-ijtimoiy munosabat bo‘yicha ichki va tashqi darajadagi davlat siyosatini targ‘ib qilib kelmoqda. Agentlik siyosiy faollik, savodxonlik, oilani rejalashtirish, atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha aholi xabardorligini oshirishga ham ko‘maklashadi. Qarorgohi Nasr shahrida joylashgan, 64 mahalliy, 32 xalqaro matbuot byurosiga ega. Nominal to‘lov evaziga agentlik jismoniy shaxslarga internetga kirishni ta’minlaydi. Shuningdek, namoyish va konferensiya zallari tqdim etadi. Chet el matbuoti va jurnalistlari bilan ishlash uchun ham javobgar.

Eslatib o‘tamiz, Misr Arab Respublikasi O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligini 1991 yil 26 dekabrda tan olgan va 1992 yil 23 yanvarda ikki mamlakat o‘rtasida diplomatiya munosabati o‘rnatilgan.
Muharrama Pirmatova, O‘zA