Bugun 4 nafar kurashchimiz Ostonada jahon chempionligi uchun bellashadi
Bugun Ostonada sport kurashlari bo‘yicha jahon chempionati start oldi. 100 davlatdan minglab sportchilar ishtirokidagi bahslarda o‘zbek polvonlarining imkoniyatlari qanday?
Bugun, 24-oktabr kuni Qozog‘iston poytaxti Ostona shahrida sport kurashlari bo‘yicha jahon chempionati boshlandi. 100 davlatdan minglab sportchilar ishtirok etayotgan jahon chempionati dasturiga muvofiq, bugun kun davomida yunon-rum kurashi vakillari -55, -60, -77 va -82 kilogramm vazn toifalarida bellashadi.

Kecha musobaqalar oldidan yunon-rum kurashi bahslariga tashlangan qur’a natijalariga ko‘ra, dunyo birinchiligida qatnashayotgan sportchilarimiz o‘z raqiblarini bilib oldi:
-55 kg: Ixtiyor Botirov – Kagetora Okamoto (Yaponiya) – Isxar Kurbayev (Qozog‘iston)
-60 kg: Alisher G‘aniyev – Justas Petravikius (Litva) / Lukas Grasso (Fransiya)
-63 kg: Ozodbek Halimboyev – Xose Rodriges (Venesuela)
-67 kg: Aytjan Xalmaxanov – Elliot Blek (AQSH)
-72 kg: Abror Atabayev – Mingiyan Gorayev (Rossiya)
-77 kg: Doniyorxon Nakibov – Loveprit (Hindiston)
-82 kg: Jalgasbay Berdimuratov – Per Olofsson (Shvetsiya)
-87 kg: Muhammadqodir Rasulov – Yaxar Yarashevich (Belarus)
-130 kg: Rafayel Sitsuashvili – Ilxam Toxtayev (Qirg‘iziston)
Qur’a natijalaridan ham ko‘rinib turibdiki, bugungi bellashuvlarda terma jamoamiz a’zolaridan Ixtiyor Botirov, Alisher G‘aniyev, Doniyorxon Nakibov va Jalgasbay Berdimuratov Yaponiya, Qozog‘iston, Litva, Fransiya, Hindiston, Shvetsiya vakillari bilan kuch sinashadi.
Kecha chempionat doirasida Birlashgan sport kurashlari dunyosi (UWW)ning navbatdagi kongressi o‘tkazilib, unda UWW’ning amaldagi prezidenti Nenad Lalovich tashkilot rahbari lavozimiga qayta saylandi.

Aytish lozimki, 68 yoshli Lalovich Birlashgan kurash dunyosini 2014-yildan beri boshqarib kelmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 30 ta medallar jamlanmasi uchun bellashuvlar o‘tkaziladigan dunyo birinchiligining yunon-rum kurashi bahslari 26-oktabrga qadar davom etadi. Undan keyin 27-29-oktabr kuni ayollar kurashi hamda 29-oktabr - 1-noyabr kunlari erkin kurash bo‘yicha musobaqalar bo‘lib o‘tadi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA