Bu yil yurtimizda Navro‘z bayrami qanday nishonlanadi?
Poytaxtimizdagi “Turkiston” san’at saroyida 2024 yilgi Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Xayriddin Sultonov, Prezident Administratsiyasi madaniyat va san’atni rivojlantirish sho‘basi mudiri Nodirbek Sayfullayev, madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Bahodir Ahmedov, madaniyat va san’at, adabiyot namoyandalari, poytaxt teatrlari rahbarlari, rejissyorlar, shuningdek, boshqa mutasaddilar ishtirok etdi.

Navro‘z – barcha orziqib kutadigan, eng xalqchil va betakror milliy bayram. Bahor ayyomining bu yilgi tantanalari ham xalqimiz diliga yaqin, o‘ziga xos, takrorlanmas ruhda o‘tishi muhim ahamiyat kasb etadi.
Yig‘ilishda umumxalq sayillari shaklida tashkil etiladigan ayyom dasturlarini tayyorlashda qadimiy urf-odatlarimiz va xalq o‘yinlari, milliy kuy va qo‘shiqlar, o‘lan va laparlarga keng o‘rin berish masalalari xususida batafsil so‘z yuritildi. Joylarda bo‘lib o‘tadigan sayillarga folklor guruhlari, badiiy havaskorlik jamoalari, dorbozlar va baxshilar, shuningdek, iste’dodli an’anaviy ijrochilar va estrada xonandalarini jalb etish zarurligi ta’kidlandi.

Mamlakatimizda yuz berayotgan ijobiy o‘zgarishlarni Navro‘zning azaliy qadriyat va an’analari bilan muvofiq tarzda, ta’sirchan badiiy vositalar orqali aks ettirish kabi masalalar muhokama qilinib, vazifalar belgilab olindi, deb xabar qilmoqda Madaniyat vazirligi axborot xizmati.
N.Usmonova, O‘zA