Brunu Fernandesh APLning 2025/26-yilgi mavsumdagi eng yaxshi futbolchisi deb topildi
Mavsum boshidagi asosiy maqsadimiz ham shu edi.
«Manchester Yunayted» yarim himoyachisi va sardori Brunu Fernandesh Professional futbolchilar assotsiatsiyasi (PFA) talqiniga ko‘ra, APLning 2025/26-yilgi mavsumdagi eng yaxshi futbolchisi deb topildi. Portugaliyalik uchun boshqa futbolchilarning aksariyati ovoz berdi.
"Bu men uchun o‘zgacha. Har hafta maydonda menga qarshi o‘ynaydigan futbolchilar menga ovoz bergani, ehtimol, ularning ko‘pchiligi meni tanlagani juda katta ahamiyatga ega.
Statistikaga qarasak, uzoq yillar davomida saqlanib kelgan golli uzatmalar rekordini yangilasangiz, odamlar bu mavsumni faoliyatingizdagi eng yaxshilaridan biri sifatida tilga ola boshlaydi. Men ham bu «Manchester Yunayted»dagi eng yaxshi mavsumlarimdan biri bo‘ldi, deb hisoblayman.
Shaxsan ajoyib mavsum o‘tkazdim va jamoaning Chempionlar ligasiga qaytishiga yordam berdim. Mavsum boshidagi asosiy maqsadimiz ham shu edi", — dedi Fernandesh.
PFA sovrini uchun ovoz berishda futbolchilarning o‘zlari ishtirok etadi.