Bozorlardagi yong‘in xavfsizligiga kim qarshi bo‘lmoqda?
FVV, tadbirkorlar va bozor egalari o‘rtasida yillar davomida yechilmayotgan muammo
Ma’lumotlarga ko‘ra, xalq tilida Abu Saxiy bozori deb ataluvchi Toshkent savdo markazidagi bitta blok yong‘in xavfsizligi talablariga javob bermasligi bois Chilonzor tuman Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi tomonidan yopilgan.
Ammo negadir 10 kundan so‘ng yana qayta ochilgan. Ko‘pchilik uchun qiziqarli bo‘lgan mazkur ma’lumotlarga aniqlik kiritish uchun avvalo FVV Toshkent shahar bosh boshqarmasidan munosabat oldik.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/S4C9pzaiAR8" title="FVV, tadbirkorlar va bozor egalari o‘rtasida yillar davomida yechilmayotgan muammo" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>– Chilonzor tumani Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan davlat yong‘inlar nazorati tekshiruvlari natijasida shu tumanda joylashgan Abu Saxiy bozorining 1-blogida ko‘plab yong‘in xavfsizligi qoidalari qo‘pol ravishda buzilishi aniqlangan. Sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan yirik favqulodda vaziyatlarning oldini olish maqsadida ushbu bozorning 1-blogi 10 kun muddatga elektr ta’minotidan uzilgan. Shu muddat tugagandan so‘ng maxsus tilxat asosida elektr ta’minoti qayta ulab berildi.
Hozirda hujjatlar tayyorlanib sudga taqdim qilingan. Bundan keyingi jarayon, ya’ni elektr ta’minotidan uzilishlar sud qarori asosida amalga oshiriladi, – dedi Toshkent shahar FVBB axborot xizmati boshlig‘i Zuhriddin Qurbonov.
Ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, yong‘in xavfsizligi talablariga javob bermaydigan mazkur blok tadbirkorlarning bosimi sabab yana qayta ish boshlagan. Shu bois ikkinchi tomon sifatida tadbirkorlarning fikri bilan ham qiziqdik.
Tadbirkorlar esa biror tayinli yoki asosli fikr ayta olmadi. Ular faqat bozor yopilmasligini istashadi, xolos. Xavfsizlik va kafolat esa ular nazdida keyingi va ahamiyatsiz masalaligicha qolmoqda.
“Konteyner yonmaydi, faqat yomg‘ir yoqqanda tomimizdan suv o‘tadi, konteynerlar oldi suvga to‘lib ketadi, shunday bo‘lsa ham bir amallab savdo qilaveramiz, nima bo‘lganda ham bozor yopilmasin”, – dedi tadbirkorlardan biri.
Shu o‘rinda aytish joizki, joriy yil boshidan buyon yong‘in bo‘yicha tarqalayotgan noxush xabarlarning asosiy qismi bozorlar bilan bog‘liq bo‘lib qolmoqda. Xususan, “Uch qahramon”, “Aviasozlar” va Beshqo‘rg‘on bozorlaridagi yong‘inlarning ko‘lami va tadbirkorlar ko‘rgan zarar salmog‘i bilan jamoatchilikda kattagina rezonans keltirib chiqardi.
Qadimiy qadriyatlarimiz asosida vujudga kelgan bozorlarimizga xaridorlarning ko‘p qismi tashrif buyurishini hisobga olgan holda ushbu jamoat joylaridagi yong‘in xavfsizligini ta’minlash zamon talabi bo‘lib qolaveradi. Bu nafaqat aholi xavfsiziligi balki, tadbirkorlar mol-mulkini ham asrash siyosatidir.
Shu jihatlarni inobatga olgan holda 2024-yil oxirida “Yirik bozorlarda jamoat tartibini saqlash va yong‘in xavfsizligini ta’minlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Hukumat qarori ham qabul qilindi.
Shu o‘rinda yana bir jihat borki, yong‘in xavfsizligi talabalariga javob bermaydigan blok vaqtincha yopiladigan bo‘lsa, fuqarolarning huquqi va mulk daxlsizligi tamoyillariga asosan do‘konlar kompensatsiyasi masalasi nima bo‘ladi? Bu savol albatta bozor rahbariyatiga taalluqli.
– Birinchi blokdagi 800ga yaqin do‘kon 100 foiz xususiy mulk hisoblanib, tadbirkorlarning o‘ziga tegishli. Agar bu do‘konlar bozor ixtiyorida bo‘lganida, muammoni o‘zimiz hal qilib, yangi do‘konlarni qurib bergan bo‘lar edik. Do‘konlar xususiy mulk bo‘lgani bois mulk egalarining roziligi va ruxsati zarur. Asosiy muammo shunda, – dedi Toshkent savdo markazi bosh direktor o‘rinbosari Akmal Azlyarov. – Bu joy kim tomonidan va nima sababdan buzilishidan qat’i nazar, tadbirkorlarni o‘zimiz qo‘llab-quvvatlagan holda ularga sharoit yaratib beramiz. Chunki ular yillar davomida bozor bilan birga ishlab o‘z tadbirkorlarimizdek bo‘lib qolishgan.
Toshkent savdo markazi rahbariyatining ma’lum qilishicha, yong‘in xavfsizligi talablariga javob bermaydigan blok o‘rnida zamonaviy bozor qurilishi rejalashtirilgan. Ammo eng katta muammo shundaki, tadbirkorlar bunga qarshi.
Islohotlar jadallashgan bugungi zamonda bozorlar ham zamonaviy va qulay qiyofa kasb etishi bilan birga, xavfsizlik tamoyillarigacha alohida e’tibor qaratilmoqda.
Shunday ekan, o‘tgan asr ko‘rinishidagi savdo rastalaridan voz kechadigan davr allaqachon boshlangan. Buni bozorlarda tirikchilik qilayotgan tadbirkorlar ham tan olgan holda zamonaviy, qulay hamda eng asosiysi, joni va moli uchun xavfsiz shart-sharoitni qabul qilishlari kerak.
Sherali Otaboyev, Nishon Abduvoitov (video), O‘zA