Bozorlarda bayram nafasi
Yangi yil bayrami oldidan Toshkent viloyati tuman va shaharlaridagi dehqon bozorlarida 43 savdo yarmarkasi tashkil etildi. Ularning samarali faoliyat olib borishi uchun 450 dan ziyod savdo rastasi ajratildi.
Yangi yil bayrami oldidan Toshkent viloyati tuman va shaharlaridagi dehqon bozorlarida 43 savdo yarmarkasi tashkil etildi. Ularning samarali faoliyat olib borishi uchun 450 dan ziyod savdo rastasi ajratildi.Aholini arzonlashtirilgan meva-sabzavot, poliz, go‘sht, tuxum, sut va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan ta’minlash maqsadida o‘tkazilayotgan ushbu an’anaviy bayramoldi savdo yarmarkalarida sifatli savdo xizmati ko‘rsatish uchun barcha qulayliklar yaratilgan. Har bir savdo nuqtasida to‘lov terminali o‘rnatish, rastalar ozodaligini ta’minlash ishlariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bu boradagi ishlarni yuqori darajada tashkil etish maqsadida tegishli ishchi guruhi tashkil etilib, ular tomonidan muntazam nazorat qilinmoqda. Mahsulotlarni sifatli va arzon narxda peshma-pesh yetkazib berishda hududdagi ta’minotchi hamda oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalar, fermer xo‘jaliklari, agrofirmalar, parrandachilik fabrikalari alohida jonbozlik ko‘rsatayotir.
– Ro‘zg‘orga nima kerak bo‘lsa, tumanimiz markazidagi bozordan xarid qilamiz, – deydi O‘rta Chirchiq tumanidan Sayyora Ahmedova. – Bozorga kela-kela bayramoldi narxlar ko‘tarilib ketgandir, degan xayolga borgan edim. Yo‘q, adashibman. Yarmarkada mahsulotlar ancha arzon sotilmoqda, bundan juda xursandmiz. Mana, meva-sabzavot va go‘shtni shu yerdan xarid qildim. O‘ylab qarasam, har qanday bayramning nafasi bozorlarimizdan boshlanar ekan.
Joylarda tashkil etilayotgan bunday savdo yarmarkalari bozorlarimiz to‘kinligi, narx-navo barqarorligini ta’minlash bilan birga, xalqimizga bayramona kayfiyat bag‘ishlamoqda.