Boysunda targ‘ibot tadbirlari o‘tkazildi
O‘zbekiston xalq demokratik partiyasi Boysun tumanidagi “Smart media” o‘quv markazida “Har bir inson farovonligi uchun” shiori ostida targ‘ibot-tashviqot tadbirlarini o‘tkazdi.
Partiyaning boshlang‘ich tashkilotlari vakillari va a’zolari, nuroniylar, mahalla faollari, partiyaga xayrixoh yoshlar, xotin-qizlar ishtirok etgan uchrashuvda XDPning yangi saylovoldi dasturida davlat va jamiyatni rivojlantirish, huquqlar va imkoniyatlar tengligini ta’minlash, kuchli ijtimoiy siyosat yuritishga oid ko‘plab taklif va tashabbuslar ilgari surilgani to‘g‘risida atroflicha so‘z yuritildi. Belgilab olingan maqsad hamda vazifalarning mamlakatimiz rivojidagi ahamiyatiga e’tibor qaratildi.


Partiyaning maqsadi har bir inson uchun ijtimoiy tenglik va adolat tamoyillari asosida munosib yashash sharoiti yaratishga qaratilgan. Bu dasturiy maqsadlarga erishish uchun keyingi besh yillikka mo‘ljallangan o‘nta yo‘nalish va 15 ta strategik qadamdan iborat ustuvor vazifalar belgilab olingan

Shu kuni partiya faollari tog‘li tumandagi “Al madrasa” o‘quv markazida muhim siyosiy kampaniyada ilk marta qatnashib, mamlakatimiz kelajagi uchun ovoz beradigan yosh saylovchilar bilan ham uchrashdi.

Unda ochiq va oshkoralikni ta’minlab, davlat va jamiyatni rivojlantirishda saylovlarning o‘rni, saylovda ishtirok etuvchi har bir fuqaroning bir ovozga egaligi, partiyaning yangi saylovoldi dasturida belgilangan maqsad va vazifalar xususida fikr almashildi. Yosh saylovchilarni qiziqtirgan barcha savollarga javob berildi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri