“Boysun bahori” mehmonlari kutib olinmoqda
Termiz xalqaro aeroportida “Boysun bahori” xalqaro folklor festivaliga kelgan dastlabki chet ellik mehmonlar tantanali kutib olindi.
Delegatsiyalar safida xorijiy davlatlar, diplomatik korpuslar va xalqaro tashkilotlarning vakillari bor.


– Aeroportning o‘zida milliy kuy-qo‘shiqlar va non-tuz bilan kutib olindik, – deydi Xalqaro Turkiy Madaniyat (TURKSOY) Tashkiloti Bosh kotibi o‘rinbosari Kemal Go‘z. – Bunday milliy mehmondo‘stlik har qanday kishiga bayram kayfiyatini ulashadi. Yurtingizda o‘tkaziladigan xalqaro festival nomoddiy madaniy merosni asrab-avaylashni targ‘ib qilishga yo‘naltirilganini qo‘llab-quvvatlaymiz. Festivaldan boy taassurotlar bilan qaytishimizga ishonamiz.
– O‘tgan galgi xalqaro festivalda qatnashib, shunday maftunkor yurtni tomosha qilganimizdan juda quvongan edik, – deydi Buyuk Britaniyalik folklorshunos Yeva Skalla. – Surxon vohasi va nomoddiy madaniy meros makoni bo‘lgan Boysun bizga juda yoqib qolgan edi. Xalqaro tanlov hakamlar hay’ati a’zosi sifatida nafaqat o‘zbek xalqi, balki qator boshqa davlatlarning ham qadimiy kuy-qo‘shiqlarini, laparlarini miriqib tinglagan edim. Menga hamroh bo‘lgan san’atkorlarimiz esa milliy kuy-qo‘shiqlarimiz bilan festival tanlovida ishtirok etgan edi. Bu yil xalqaro tanlovga yangi repertuar tayyorlab kelganmiz. O‘ylaymanki, folklor yo‘nalishidagi bu chiqishlarimiz muxlislarga manzur bo‘ladi.


– O‘zbekiston, jumladan, Surxondaryoda birinchi marta bo‘lishimiz, – deydi Belarus davlat pedagogika universiteti qoshidagi Belarus musiqa va qo‘shiqlari xalq ansambli badiiy rahbari Aleksandr Chugayev. – Tog‘lar qo‘ynida bo‘ladigan bu festival juda katta san’at bayrami ekanini eshitdim. Xalqaro tanlovda oliy dargohimiz san’atkorlari o‘z mahoratini namoyish etadi. Milliy an’analarimiz va folklor san’atimiz bilan tanishtiradi. Biz esa festivalda ishtirok etadigan barcha san’atkorlarning ijodi bilan yaqindan tanishib, o‘zaro tajriba almashishni ham maqsad qilganmiz.
Shuningdek, “Sariosiyo” chegara bojxona postida qo‘shni Tojikiston Respublikasi delegatsiyasi a’zolari ham tantanali kutib olindi.
Viloyatga xorijlik mehmonlarning kelishi davom etmoqda.


Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri