Boyovutda adliya bo‘limining yangi binosi ish boshladi
Sirdaryo viloyati Boyovut tuman davlat xizmatlari markazi bir kunda o‘rtacha 100-110 nafar fuqaroga davlat xizmatlari ko‘rsatish quvvatiga ega. 2022 yilning 6 oyi davomida Markaz tomonidan 6918 ta, sayyor tartibda 2100 ta davlat xizmati ko‘rsatildi.
Maydoni 1200 kvadrat metrga teng ushbu bino qisqa muddatda “Rem stroy partner” MCHJ tomonidan qurib bitkazildi.
Adliya bo‘limi binosining qurilishida fuqarolar uchun eng qulay sharoitlarni yaratishga alohida e’tibor berildi. Eng muhimi, adliya bo‘limi, davlat xizmatlari markazi, FHDYO, yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bitta binoda joylashgani murojaatchilar uchun yanada qulaylik yaratadi.

Yangi binoning ochilish marosimida viloyat hokimi G‘ofurjon Mirzayev, Oliy Majlis Senati ishchi guruhi, tuman va shahar sektor rahbarlari hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etib, yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.

Zamonaviy axborot texnologiyalari vositalari bilan jihozlangan, 2 qavatdan iborat mazkur binoga tashrif buyuruvchilarga keng va yorug‘, shinam xizmat zalida qulay sharoitlarda xizmatlar ko‘rsatiladi. Barcha qulayliklarga ega markazda elektron navbat tizimi monitorlarda aks etib turadi. 10 ta qabul oynasida esa ko‘rsatiladigan xizmatlarda shaffoflik asosiy mezon sanaladi.

Zamonaviy va milliy shaharsozlik normalariga muvofiq qad rostlagan ushbu inshootda aholi va tadbirkorlarga tezkor, shaffof, sifatli davlat xizmatlari va huquqiy yordam ko‘rsatish imkoniyatlari yanada kengaydi. Bu o‘z navbatida fuqarolarning kundalik muammolariga tezkorlik bilan yechim topishda muhim omildir.
Shuhrat Suyarov, O‘zA