Bo‘stonliqlik chavandozlarning qo‘li baland keldi
Toshkent viloyati hokimi sovrini uchun katta uloq-ko‘pkari musobaqasi o‘tkazilmoqda. Dastlab bellashuvlarda yosh chavandozlar o‘z mahoratini sinovdan o‘tkazdi. E’tiborlisi, ushbu musobaqa yangicha yo‘nalishda ya’ni 4 ta jamoaviy guruhlar, "Bo‘stonliq", " Chirchiq pedagogika instituti", "Qibray" va "Piskent" jamoalari o‘rtasidagi yosh chavandozlar ishtirokida tashkil etildi.
Qizg‘in bellashuvlarning final o‘yinida "Bo‘stonliq" jamoasi "Qibray" chavandozlarini yengib, g‘alabani qo‘lga kiritdi. Uchinchi o‘ringa "Chirchiq pedagogika instituti" jamoasi vakillari munosib ko‘rildi.
Hakamlarning yakuniy hisob-kitovlariga ko‘ra, g‘olib jamoa va faol chavondozlar tashkilotchilar tomonidan munosib rag‘batlantirildi. Birinchi o‘ringa nortuya, ikkinchi o‘rin uchun tulpor va uchinchi o‘rin sohiblariga navvos berildi.
Mazkur halq sayli Toshkent viloyati hokimligi, Uloq-ko‘pkari Federatsiyasi, Piskent tumani hokimligi va O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi tashabbusi bilan o‘tkazilgan ommaviy uloq-ko‘pkari musobaqalarida mamlakatimizning barcha hududlari bilan birga, qo‘shni davlatlar Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston davlatlaridan jami mingdan ziyod chavandoz polvonlar ishtirok etdi.

bugungi xalq saylida tashkilotchilar tomonidan tomoshabinlar uchun zarur sharoit yaratilib, ularning xavfsizligi ta’minlandi. Ochilish marosimida Toshkent viloyati hokimi Davron Hidoyatov so‘zga chiqib, bu kabi milliy halq o‘yinlari hududlardagi chavandozlar maktablarida ot sporti, zamonaviy beshkurash va uloq-ko‘pkari kabi sport turlarida iqtidorli yoshlarni saralab olish va ularni professional sportchilar sifatida tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.

Qayd etilganidek, Prezidentimizning 2021 yil 5 avgustdagi «Chavandozlar maktablari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori bu boradagi ishlar samaradorligini yanada oshirishda muhim ahamiyat kasb etayotir. Mazkur qaror ijrosi doirasida ot sporti aholi o‘rtasida ommaviy sport turiga aylantirilmoqda.
Shundan so‘ng yaxshi niyatlar bilan Qur’on tilovat qilindi va uloq-ko‘pkari musobaqasi ommaviy baxslariga ruxsat berildi.

A. Musayev, O‘zA