Bo‘stonliq tumanida bodomzor yaratildi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli farmoyishiga binoan, ko‘chatlarni ekish bo‘yicha tadbirlarni tizimli va sifatli tashkil qilish maqsadida barcha vazirlik va idoralar, viloyatlar, tumanlar, mahallalar va ijtimoiy soha obyektlarida manzilli dasturlar ishlab chiqilgan. Xususan, kuz-bahor mavsumida 17,5 mingta ko‘chat o‘tkazish bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Shu munosabat bilan “Uzbekistan Airports” AJga Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida yer maydoni ajratilgan bo‘lib, kompaniya xodimlari “Burchmulla” o‘rmon xo‘jaligi mutaxassislari bilan birgalikda bodomzor barpo etdi.
O‘rmon xo‘jaligi bilan tuzilgan shartnomaga muvofiq, belgilangan hududda 3 mingta ko‘chat ekiladi. Shu bilan birga, yangi bog‘ning daraxtlarini parvarish qilish rejasi ham ishlab chiqilmoqda.
Albatta, bejizga bodom daraxti tanlanmagan. Qurg‘oqchilikka chidamli ekinlarni ekish tog‘-o‘rmon melioratsiyasi jarayonida muhim rol o‘ynab, mamlakatimiz ekologiyasi va iqlimiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
Roman BONDARCHUK tayyorladi, O‘zA