Bostonda O‘zbekistonning sun’iy intellekt sohasidagi salohiyati namoyish etildi
AQSHning Boston shahrida sun’iy intellekt sohasidagi nufuzli xalqaro tadbir — “Boston AI – 2026” sammiti bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi Axborot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, sammitda sun’iy intellekt va innovatsiyalar sohasida yetakchi kompaniyalar hamda nufuzli ta’lim muassasalari — “Microsoft”, “Dell”, Harvard University va MIT vakillari ishtirok etdi.
Tadbir doirasida O‘zbekistonda sun’iy intellekt sohasini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar, yangi imkoniyatlar va xalqaro hamkorlik istiqbollariga alohida e’tibor qaratildi.
Sammitda O‘zbekiston Madaniyat vazirligi hamda Raqamli san’at ijodiy birlashmasi vakillari ishtirok etib, mamlakatda sun’iy intellekt texnologiyalarini madaniyat va san’at sohalariga joriy etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi.
Nutqlarda O‘zbekistonda sun’iy intellekt va innovatsion texnologiyalarni rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibor, shuningdek, mamlakatning xalqaro kompaniyalar va texnologik hamjamiyat uchun ochiq ekani ta’kidlandi. Xorijiy kompaniya va tashkilotlar bilan sun’iy intellekt sohasida yangi loyihalarni amalga oshirish va hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yishga tayyorlik bildirildi.

Sammit ishtirokchilariga O‘zbekistonning boy tarixi, madaniyati va zamonaviy qiyofasini aks ettiruvchi ikki videorolik ham namoyish etildi. Milliy madaniyat va mamlakatning yangi texnologik imkoniyatlarini uyg‘unlashtirgan videolavhalar tadbir ishtirokchilarining qiziqishi va e’tirofiga sazovor bo‘ldi.
Tadbir yakunida xorijiy davlatlar, texnologik kompaniyalar va xalqaro tashkilotlar vakillari kelasi yili O‘zbekistonda o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan yirik “AI Film Awards” festivalida ishtirok etishga taklif etildi.
Mazkur tashabbus O‘zbekistonning sun’iy intellekt, raqamli texnologiyalar va kreativ sanoat sohasida xalqaro hamkorlikni kengaytirishga intilayotganini yana bir bor namoyon etdi.
N.Usmonova, O‘zA