“Boʻston cluster”: keng imkoniyat – ulkan samara garovi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi va Ellikqal’a tumani hokimligi bilan hamkorlikda “Boʻston cluster” mas’uliyati cheklangan jamiyati paxtachilik klasteriga ommaviy axborot vositalari vakillari va blogerlar uchun mediatur tashkil etildi.
Ta’kidlanganidek, mazkur klaster O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 25 yanvardagi “Paxta-to‘qimachilik ishlab chiqarishini tashkil etishning zamonaviy shakllarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida tashkil qilingan. Umumiy yer maydoni 3975 gektar bo‘lib, shundan ekin maydoni 2876 gektarni tashkil etadi. 2020 yilda 232 ta fermer xo‘jaligi va jamiyat tomonidan 26 712 tonna yetishtirilib, hosildorlik o‘rtacha 24,9 sentnerdan to‘g‘ri keldi.
2018-2020 yillar mobaynida tumanning suv yetib borishi qiyin, hosildorligi past bo‘lgan hududlaridagi jami 1850 gektar maydonda paxta yetishtirish uchun qulay sharoit yaratish maqsadida yangidan 14 ta nasos agregati o‘rnatildi, 24 ta nasos agregati ta’mirlandi. Ushbu hududlarga suv olib boruvchi Qirqqiz va Amirobod kanallarida qazish ishlari amalga oshirildi.
Oldingi yillarda ushbu hududlarda o‘rtacha gektariga 19-20 sentnerdan paxta xomashyosi yetishtirib kelingan bo‘lsa, suv yo‘llarini rekonstruksiya qilish, zaxiradagi yer maydonlarini foydalanishga kiritish, hosildorlikni 25-30 sentnergacha oshirish rejalashtirilgan.
Hozirgi kunda ushbu hududlarda jami 500 gektardan ortiq maydon lazer yordamida tekislandi, umumiy uzunligi 30 kilometr ichki va asosiy ariq ta’mirlandi. Joriy yilda tuman bo‘yicha 2435 gektar maydonda tomchilatib sug‘orish texnologiyasi joriy qilinadigan bo‘lsa, shundan 1000 gektari jamiyat tomonidan amalga oshiriladi. Buning uchun “Amu gulshani” hamda “Eko drip lyuks” mas’uliyati cheklangan jamiyatlari bilan hamkorlikdagi shartnoma asosida 18,5 milliard so‘mlik loyiha amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 21 dekabrdagi “2017-2019 yillarda to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari dasturi to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq tashkil etilgan “Boʻston mega tekstil” mas’uliyati cheklangan jamiyatida yiliga 5 ming tonna paxta tolasi qayta ishlanib, 4 ming tonna ip-kalava va undan 10 million m2 jinsi matosi ishlab chiqarish loyihasi amalga oshirilmoqda.
[gallery-2591]
Mazkur loyihaga Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankining Urganch filialidan 7 million 227,8 ming AQSH dollar miqdoridagi kredit mablag‘i ajratilib, Germaniya, Xitoy, Yaponiya va Belgiya davlatlaridan zamonaviy to‘quv uskunalari olib kelib o‘rnatildi.
Jamiyat tomonidan joriy yil yanvar-may oyida 1300 tonna kalava ipi ishlab chiqarilib, shundan qiymati 1496,0 ming AQSH dollariga 672,9 tonna kalava ip Xitoy, Turkiya davlatlariga eksport qilindi. Hozirda jamiyatda 350 nafar ishchi xodim doimiy ish bilan ta’minlangan.
Korxona qoshida “Boʻston Optimal Tekstil” mas’uliyati cheklangan jamiyati ham faoliyat olib bormoqda. Mazkur korxonada ip-kalava va yumshoq sochiqlar ishlab chiqariladi. Ahamiyatlisi, bu yerda mehnat qilayotgan 350 nafar xodimning aksariyati yoshlardan iborat.
Estoniyalik investorlar bilan hamkorlikda "Elmed" qo‘shma korxonasi tashkil qilinib, umumiy qiymati 2,5 million AQSH dollari bo‘lgan “tibbiyot binti va paxta momig‘i ishlab chiqarish” loyihasi ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Mazkur loyiha negizida 200 ta yangi ishchi o‘rni yaratiladi.
O‘tgan yilda umumiy qiymati 12 milliard so‘m bo‘lgan yog‘-moy korxonasini ishga tushirish loyihasi amalga oshirildi va yangidan 20 ta ish o‘rni tashkil qilindi.
Paxta xomashyosi yetishtirish, xarid qilish va sotishda erkin raqobatni ta’minlaydigan bozor tamoyillarini joriy etish, ushbu yo‘nalishda fermer xo‘jaliklarining manfaatdorligini oshirish, shuningdek, qishloq xo‘jaligi sohasiga investitsiyalarni keng jalb qilish maqsadida “Boʻston cluster” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan bir qator loyihalar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, paxta-to‘qimachilik klasteri tomonidan loyiha qiymati 25 milliard so‘m bo‘lgan 1000 boshga mo‘ljallangan chorvachilik kompleksi tashkil qilinib, 2021 yilning oxirida ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Ushbu loyihani amalga oshirish uchun tuman hokimi qaroriga asosan, ozuqa ekinlari yetishtirishga qo‘shimcha yer maydoni ajratib berildi.
Loyiha bo‘yicha tashkil qilinadigan chorvachilik kompleksi moddiy-texnik bazasini mustahkamlash maqsadida, “Taxiatosh neft bazasi” unitar korxonasi Ellikqal’a filialiga qarashli, hozirgi kunda bo‘sh turgan chorvachilik kompleksining to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki xorijiy valyutada investitsiya kiritish yo‘li bilan sotib olish uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashiga so‘rovnoma kiritilib, ijobiy hal qilinishi kutilmoqda. Hozirgi kunda jamiyat mutaxassislari tomonidan iqlim-sharoitimizga mos keladigan go‘sht-sut yo‘nalishidagi qoramol zotlari bo‘yicha o‘rganish ishlari olib borilmoqda.
Ta’kidlash joizki, “Voʻston cluster” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan 2018-2019 yillar mobaynida ishga tushirilgan loyihalar asosida jami qiymati 155 milliard so‘mdan ortiq bo‘lgan mahsulot ishlab chiqarilgan bo‘lib, ularning qariyb 60 foizi eksport qilindi. bugungi kunga 1000 nafarga yaqin kishi ish bilan ta’minlangan. Joriy yil oxirigacha amalga oshiriladigan loyihalar hisobiga ish o‘rinlari 1200 taga yetkaziladi.
Tadbirda ommaviy axborot vositalari vakillari paxta-to‘qimachilik klasteri tomonidan amalga oshirilayotgan tomchilatib sug‘orish loyihasi va mas’uliyati cheklangan jamiyatlarining faoliyati bilan tanishdi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA