Boshqaruv tizimi xodimlari faoliyati samaradorligi yanada ortadi
Andijonda “Hududiy davlat boshqaruvi organlari xodimlari uchun strategik samaradorlik va zamonaviy kompetensiyalarni rivojlantirish” mavzusida hamkorlik uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Boshqaruv samaradorligi agentligi Andijon viloyati filiali hamda Andijon viloyati hokimligi mutasaddi va mutaxassislari qatnashgan tadbirda 200 nafarga yaqin mahalliy boshqaruv organlari xodimlari ishtirok etdi.


O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 5-maydagi “Istiqbolli kadrlarni maqsadli tayyorlash hamda ularni davlat boshqaruvi va xizmatiga samarali jalb etish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida davlat boshqaruvi tizimi uchun zamonaviy bilim va kompetensiyalarga ega, strategik fikrlaydigan, professional va vatanparvar rahbar kadrlarni tayyorlash hamda ularning salohiyatini uzluksiz rivojlantirish ustuvor vazifa sifatida belgilangan.
Mazkur farmon davlat xizmatiga kadrlar tayyorlash, ularni rivojlantirish va rahbarlik lavozimlariga tayyorlashning yaxlit tizimini yaratishga qaratilganligi bilan ahamiyatlidir. Hujjatda, ayniqsa, hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish ehtiyojlariga mos, islohotlarni amaliy natijalarga aylantira oladigan zamonaviy boshqaruv kadrlarini shakllantirish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan.
– Akademiya tashabbusi bilan Respublikamizning barcha viloyatlarida tashkil etilayotgan bu kabi tadbirlar farmonida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlashga xizmat qiladi, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Boshqaruv samaradorligi agentligi Andijon viloyati filiali rahbari o‘rinbosari Hayotbek Akbarov. – Qolaversa, davlat boshqaruvi tizimida professionalizm va samaradorlikni yanada oshirish, shuningdek, Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasini amalga oshiradigan yetuk boshqaruv kadrlarini tayyorlashga qaratilgan ishlarning mantiqiy davomi hisoblanadi.


Uchrashuvda Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi, Prezident huzuridagi Boshqaruv samaradorligi agentligi Andijon viloyati filiali mutaxassislari tomonidan ishtirokchilarga farmonning mazmun-mohiyati, hududiy davlat boshqaruvi organlari xodimlari uchun strategik samaradorlik va zamonaviy kompetensiyalarni rivojlantirishning muhim yo‘nalishlari haqida keng ma’lumotlar berildi.
Shuningdek, uchrashuvda hududiy davlat boshqaruvi organlari xodimlarining strategik fikrlashi, samarali boshqaruv, natijadorlikka yo‘naltirilgan faoliyat, zamonaviy boshqaruv texnologiyalari hamda amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirish, shuningdek, davlat organlari va tashkilotlari uchun istiqbolli rahbar kadrlar zaxirasini shakllantirish, ularning boshqaruv salohiyatini oshirish hamda hududlarda amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligini kuchaytirish masalalari muhokama qilindi.

Ishtirokchilarga mazkur yo‘nalishdagi ishlar sifati va samaradorligini oshirish yuzasidan zarur bilim va ko‘nikmalar, taklif va tavsiyalar berildi. Qatnashchilar mavzu doirasida o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutasaddi va mutaxassislardan batafsil javob oldi.
F.Ubaydullayev,
Z.Umrzoqov (surat),
O‘zA muxbirlari