Boshqarma delegatsiyasi Xitoyda
Jahonda raqobat kuchayib borayotgan bugungi davrda ta’lim sohasidagi xalqaro hamkorlik davlatlar taraqqiyotining muhim omiliga aylanmoqda. Jizzax viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi delegatsiyasining Xitoy Xalq Respublikasiga amalga oshirgan xizmat safari ham ana shu ezgu maqsadga xizmat qildi. Bir haftalik o‘quv dasturi nafaqat kasbiy tajriba almashish, balki ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlik va madaniy yaqinlikni yanada mustahkamlashga zamin yaratdi.
Jizzax viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi delegatsiyasining Xitoy Xalq Respublikasidagi bir haftalik o‘quv dasturi muvaffaqiyatli yakunlandi. “Shanxii Energy” instituti bilan hamkorlikda tashkil etilgan mazkur dastur ishtirokchilar uchun zamonaviy ta’lim yondashuvlari, boshqaruv tajribasi va innovatsion metodikalarni o‘rganish maydoniga aylandi.

Bugun dasturning yakuniy tadbiri bo‘lib o‘tdi. Unda institut rahbariyati ta’lim kursini muvaffaqiyatli tamomlagan tinglovchilarni samimiy muborakbod etib, ularning kelgusi faoliyatiga ulkan muvaffaqiyatlar tiladi.

Taqdirlash marosimida Jizzax viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi Shohida Damanova so‘zga chiqib, safar davomida orttirilgan tajriba va kuzatuvlar haqida fikr bildirdi. U o‘z nutqida xitoylik hamkorlarning yuksak mehmondo‘stligi, o‘quv dasturining amaliy ahamiyati hamda O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi izchil rivojlanib borayotgan ta’limiy hamkorlik aloqalariga alohida to‘xtaldi.

Tantanali marosimda “Shanxii Energy” instituti tomonidan o‘quv dasturini muvaffaqiyatli yakunlagan barcha ishtirokchilarga sertifikatlar topshirildi. Delegatsiya a’zolari esa institut professor-o‘qituvchilariga samimiy minnatdorlik ramzi sifatida milliy sovg‘alar taqdim etishdi.
Safarning eng ta’sirli jihatlaridan biri uning do‘stlik va madaniyat bayrami ruhida yakunlangani bo‘ldi. Ishtirokchilar ijrosida namoyish etilgan milliy raqslar xitoylik hamkorlar tomonidan katta qiziqish va olqish bilan qarshi olindi. Bu esa xalq diplomatiyasining eng ta’sirchan ko‘rinishlaridan biri sifatida ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro hurmat va ishonchni yanada mustahkamladi.

Shubhasiz, mazkur o‘quv dasturi Jizzaxlik pedagoglar uchun yangi bilim va ko‘nikmalar manbai bo‘lish bilan birga, O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi ta’lim sohasidagi strategik sheriklik munosabatlarini yanada boyitishga xizmat qiladi. Zero, bilim almashinuvi kuchaygan sari taraqqiyot uchun yangi imkoniyatlar eshigi ochiladi.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri