Bo‘shagan maydonlarga takroriy ekin ekilmoqda
Respublikada sug‘oriladigan yerlardan samarali foydalanish, aholining oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan talabini qondirish bo‘yicha muhim ishlar amalga oshirilmoqda. Bunda asosan ertaki ekin va g‘alladan bo‘shagan maydonlarda serdaromad va eksportbop qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirish, aholi bandligini ta’minlash borasidagi tadbirlarni tizimli tashkil qilish har bir mas’ul uchun muhim masala hisoblanadi.
Hozirda Toshkent viloyatida ertaki ekin va g‘alladan bo‘shagan 100 ming gektar maydonga takroriy ekin ekilishi rejalashtirilgan. Bu yil dehqonlar tomonidan mavjud 103 ming 729 gektar yer maydonida yetishtirilgan g‘allani nobud qilmasdan yig‘ib olish ishlari uyushqoqlik bilan amalga oshirilmoqda.
“O‘zagroinspeksiya”ning Toshkent viloyati boshqarmasi hamda tuman bo‘limi xodimlari tomonidan ertaki ekinlardan va g‘alladan bo‘shagan maydonlarda takroriy ekin ekish ishlarini o‘z muddatida yakunlash bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berilmoqda.
“O‘zagroinspeksiya” Qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘larining yetishtirilishini nazorat qilish sho‘’basi boshlig‘i Sh.Usibaliyevning ta’kidlashicha, aholini arzon, sifatli, oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan ta’minlash maqsadida ertaki ekin va g‘alladan bo‘shagan maydonlar peshma-pesh shudgorlanib, takroriy ekin ekilmoqda. Shu kungacha viloyat bo‘yicha jami 86 ming 40 gektar, shundan 9 ming 529 gektar yer maydonida sabzavot, 7 ming 347 gektar kartoshka, 34 ming 833 gektar dukkakli ekinlar, 895 gektar poliz, 227 gektar moyli ekinlar, 8 ming 922 gektar sholi hamda 24 ming 247 gektar yerda ozuqa ekinlari ekildi.
A.Musayev, O‘zA