Bosh vazir o‘rinbosarlarining axboroti eshitildi
Yurtimizda aholi bandligini ta’minlash, ishsiz fuqarolarni kasb-hunarga o‘qitish, har bir sohada yangi ish o‘rinlarini yaratish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Ushbu masala davlatimiz rahbari raisligida o‘tkazilayotgan har bir videoselektor yig‘ilishlarida, hududlarga tashriflari chog‘ida alohida e’tibor markazida bo‘lib keladi.
Oliy Majlis Senati Kengashining bugun bo‘lib o‘tgan majlisida ham O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosarlarining hudud va tarmoqlarda yangi ish o‘rinlarini yaratish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risidagi axboroti eshitildi.
Majlisni Senat Raisi Tanzila Norboyeva olib bordi va mamlakatimizda bu borada amalga oshirilayotgan ishlar xususida to‘xtalib o‘tdi:
— Senatning 2022 yil 4 fevralda qabul qilingan qaroriga asosan hududlarda yangi ish o‘rinlarini yaratish va aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar ustidan tizimli parlament nazorati yo‘lga qo‘yilgan. O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzurida aholi bandligini ta’minlash borasidagi vazifalar ijrosi bo‘yicha doimiy monitoring yuritish maqsadida Respublika shtabi faoliyat olib bormoqda. Joriy yilning yanvar-mart oylarida aholining bandligini ta’minlash, ularni tadbirkorlik faoliyatiga kengroq jalb etish borasida muayyan ishlar amalga oshirilgan.
Xususan, ishsiz va chet elda ishlab qaytib kelgan 72,8 ming fuqaroning mavjud bo‘sh ish o‘rinlariga ishga joylashishi ta’minlangan. Band qilib qo‘yilgan ish o‘rinlariga ijtimoiy muhofazaga muhtoj 9,5 ming fuqaro ishga joylashtirilgan. “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” doirasida 13,2 ming fuqaroga 31,6 milliard so‘m subsidiya ajratilib, o‘zini o‘zi band qilish orqali ularning bandligi ta’minlangan. Mahallalarga biriktirilgan hokim yordamchilari tavsiyalariga asosan 30,7 ming fuqaro kasb-hunar va tadbirkorlik ko‘nikmalariga o‘qitilgan.
Yig‘ilishda qayd etilganidek, bandlik va yangi ish o‘rinlarini yaratish masalasi Senat qo‘mitalari tomonidan muntazam o‘rganib kelinmoqda. Jumladan, Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasi boshchiligidagi ishchi guruhi Sirdaryo, Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlarida yangi ish o‘rinlarini yaratish va aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlarni o‘rgandi.
Qo‘mita raisi Erkin Gadoyev o‘rganish natijalari bo‘yicha ma’lumot berdi:
— O‘rganishlarimiz davomida bir qator ishlar amalga oshirilganiga guvoh bo‘ldik. Yaratilgan ish o‘rinlari yaratilganicha qolishi kerak emas. Asosiy maqsad yaratilgan ish o‘rnining bandligi ta’minlanishi kerak. Yangi ish o‘rinlariga aholini kerak bo‘lsa, o‘qitib, band qilishimiz kerak. Shu bilan birga, soliq idoralari ma’lumotlar bazasiga ham kiritilishi lozim. Chunki bu haqiqiy ish bilan ta’minlanganlikning, bandlikning tasdig‘i bo‘ladi. Bu borada kamchiliklar, tafovutlar borligi aniqlandi. Shuningdek, Sirdaryo, Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlaridagi umumiy ovqatlanish korxonalarida o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalariga ko‘ra, mazkur sohada ishlovchi xodimlarning qariyb 55 foizi norasmiy band bo‘lganlardir. Shu sababli bu kabi yangi ish o‘rinlari soliq organi ma’lumotlari bazasida qayd etilmagan.
Yig‘ilishda kun tartibidagi masala yuzasidan tarmoq rahbarlarining axborotlari tinglandi. Qayd etilganidek, xizmatlar sohasida yangi ish o‘rinlarini tashkil etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ko‘pgina sohalarda norasmiy tarzda ishlayotgan fuqarolarni belgilangan tartibda rasmiylashtirish zarurligi ta’kidlandi. Bu borada 2021 yilda 461 ming norasmiy ishchilar rasmiylashtirilgan.
Qashqadaryo viloyatida yangi ish o‘rinlarini yaratish ishlariga qo‘shimcha 1,5 trillion so‘m yo‘naltirilgani alohida ta’kidlandi. Buning hisobiga qo‘shimcha 80 ming ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan.
Yig‘ilishda amalga oshirilgan ishlar bilan birga, ayrim soha va hududlarda yangi ish o‘rinlarini yaratish va aholi bandligini ta’minlashda kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgani hamda mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanilmagani qayd etildi. Xususan, Sirdaryo, Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlarida yangi ish o‘rinlarini yaratishning prognoz parametrlari va ularning har oylik ijrosi xalq deputatlari viloyat, tuman (shahar) Kengashlari sessiyalarida muhokama qilinmagan.
Vazirlik va idoralar tomonidan tashkil etiladigan yangi ish o‘rinlarining manzilli ro‘yxatlarini shakllantirish to‘liq oxiriga yetkazilmagan.
Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalari bo‘yicha elektron auksion savdolari yuzasidan yetarli ravishda targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borilmaganligi sababli ularning aksariyati kutilgan natija bermagan.
Turizm va u bilan bog‘liq xizmat ko‘rsatish loyihalari doirasida tashkil etilgan yangi ish o‘rinlari bir vaqtning o‘zida hududiy investitsiya dasturi loyihalarida ham takroran ko‘rsatilgan.
Mehnat yarmarkalarida korxona va tashkilotlar yetarli miqdordagi bo‘sh ish o‘rinlari bilan ishtirok etgan bo‘lsa-da, ishsiz fuqarolarni yarmarkalarga jalb qilish, ularni taklif etilgan ish o‘rinlariga joylashtirish bo‘yicha zarur choralar ko‘rilmagan.
Kengash majlisida ushbu kamchiliklarni bartaraf etish va bu borada amalga oshirilayotgan ishlarni kuchaytirish zarurligi ta’kidlanib, bir qator topshiriqlar berildi.
Muhtarama Komilova, O‘zA