Bosh prokuraturada yangi tuzilma ish boshladi
Mamlakatimizda agrar sohani rivojlantirish, yer resurslaridan oqilona foydalanish borasida qator islohotlar va o‘zgarishlar joriy etildi. bugungi kunda bu masala juda katta ahamiyat kasb etmoqda.
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 21 fevraldagi “Yer uchastkalaridan foydalanishda davlat nazorati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq yer uchastkalaridan oqilona foydalanish va ularni muhofaza qilish sohasida nazoratni yanada kuchaytirish maqsadida prokuratura organlariga katta ishonch bildirilgan holda, tizim zimmasiga qo‘shimcha vazifalar yuklatildi.
Shu bois Bosh prokurorning 2022 yil 10 martda “O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining Yer resurslari talon-toroj qilinishining oldini olish boshqarmasi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi buyrug‘i qabul qilindi.
Unga ko‘ra, Bosh prokuratura tarkibida 8 ta shtat birligidan iborat bo‘lgan Yer resurslari talon-toroj qilinishining oldini olish boshqarmasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar prokuraturalarida esa umumiy soni 56 ta shtat birligidan iborat bo‘lgan Yer resurslari talon-toroj qilinishining oldini olish bo‘limlari tashkil etildi.
Boshqarma yer resurslari talon-toroj qilinishining oldini olishga oid qonunchilik ijrosi ustidan nazoratni tashkil etadi va amalga oshiradi.
Yer ajratish borasida qonunchilik talablariga, shu jumladan, Yer kodeksida belgilangan talablarga qat’iy rioya qilinishini ta’minlash yuzasidan doimiy nazoratni olib boradi.
Yerdan oqilona foydalanish va uni muhofaza qilish, geodeziya hamda kartografiya faoliyatini takomillashtirish, davlat kadastri yuritishni tartibga solishda qonunchilik hujjatlariga rioya etilishi ustidan nazorat yuritadi.
Yer maydonlarini o‘zboshimchalik bilan egallash va ulardan noqonuniy foydalanish holatlarini barvaqt aniqlash va oldini olish choralarini ko‘rish, mazkur holatlar bo‘yicha aholi va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan yuborilgan fotosurat va videoyozuvlarni qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda ko‘rib chiqilishini ta’minlaydi.
Sohada huquqbuzarlik sodir etgan shaxslarga nisbatan jazoning muqarrarligi ta’minlanishi ustidan qat’iy nazorat o‘rnatiladi.
Yer resurslari talon-toroj qilinishining oldini olish sohasida qonuniylik ahvoli va prokuror nazorati amaliyotini muntazam tahlil qilish, tizimli kamchiliklar, qonun buzilishi holatlarining oldini olish choralari ko‘riladi.
Shuningdek, huquqiy normalarning o‘zboshimchalik bilan, sub’ektiv tarzda, tanlov asosida talqin qilinishi hamda korrupsiyani keltirib chiqaruvchi omillarni aniqlash hamda bunga imkon bergan sabab va shart-sharoitlarni bartaraf etish choralarini ko‘rish masalalari bo‘yicha tizim xodimlari izchil ishlar olib boradi.
N.Abduraimova, O‘zA