Bosh prokuratura: tadbirkorlar faoliyatidagi muammolarni hal etishga amaliy ko‘mak ko‘rsatiladi
Bosh prokuraturada tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash, ularning muammolarini hal etish orqali faoliyat yuritishlari uchun qulay sharoitlar yaratish masalalari muhokama qilindi.
Majlisda davlatimiz rahbarining Andijon viloyatiga tashrifi davomida tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga oid prokuratura organlariga berilgan topshiriqlar ijrosiga alohida e’tibor qaratildi.
Videoselektor tarzida o‘tkazilgan mazkur yig‘ilishda Prezident Administratsiyasi mas’ul xodimi, Bosh prokuratura, Departament va Majburiy ijro byurosi hamda hududiy prokuratura organlarining mas’ul xodimlari ishtirok etdi.
Bosh prokuror N.Yo‘ldoshev tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash sohasida saqlanib qolayotgan tizimli muammolar hamda yo‘l qo‘yilayotgan xato-kamchiliklarga birma-bir to‘xtalib o‘tdi.
Tadbirkorlik sub’ektlarining turli sabablarga ko‘ra faoliyatini vaqtincha to‘xtatgani yoki tugatgani mazkur yo‘nalishda prokuror nazoratini yanada kuchaytirish zarurligini ko‘rsatayotgani alohida ta’kidlandi.

Qolaversa, nazorat-tekshiruv idoralarining mas’ullari zimmasiga yuklatilgan vazifalar ijrosini yetarli darajada ta’minlamagani oqibatida yo‘l qo‘yilayotgan ayrim nuqsonlarga to‘laqonli barham berilmagani aniq raqamlar va misollar asosida ko‘rsatib o‘tildi.
Tadbir yakunida tadbirkorlik faoliyati erkinligiga oid qonunlar ijrosi ustidan nazoratni kuchaytirish, tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatidagi muammolarni aniqlash va ularni hal etish orqali amaliy ko‘mak ko‘rsatish yuzasidan chora-tadbirlar belgilanib, tegishli topshiriqlar berildi.
N.Abduraimova,
O‘zA