“Bor mehrimiz senga bolajon”
Qashqadaryo viloyat qon quyish markazida “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi tomonidan “Bor mehrimiz senga bolajon” shiori ostida donorlik aksiyasi o‘tkazildi.
Aksiyada viloyat ichki ishlar boshqarmasi, sog‘liqni saqlash, ta’lim, soliq va temir yo‘l sohalari xodimlari, partiya faollari hamda deputatlar faol ishtirok etdi.

Ichki ishlar boshqarmasi poliklinikasi rahbari Nilufar Abrayevaning ta’kidlashicha, barcha tumanlardan ichki ishlar xodimlari aksiyada ixtiyoriy ishtirok etib, onkologiya va gematologiya markazlarida davolanayotgan bolalar uchun qon topshirdi.

Partiyaning viloyat Kengashi raisi Ruiddin Raupovga ko‘ra, donorlik keng quloch yoyib, davlat idoralari va jamoatchilik tomonidan ham qo‘llab-quvvatlanmoqda. Bu insonparvarlik va insoniylik ramzi sifatida qaralmoqda.
“Adolat” partiyasi tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan bunday xayrli ishlar orqali bolajonlarning hayotini saqlab qolishdek ezgu maqsad ko‘zlangan.

O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri