Bor kuch va imkoniyatni ishga solib
Shu kunlarda yurtimizda rizq-ro‘zimiz g‘alla o‘rimi qizg‘in bormoqda. Zahmatli mehnat evaziga yetishtirilgan hosilni nobud qilmay yig‘ib olish uchun g‘allakorlar bor kuch va imkoniyatni ishga solgan.
Viloyat qishloq xo‘jaligi boshqarmasidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, 2023 yil hosili uchun Namanganda 67 ming 750 gektar maydonga boshoqli don ekilgan. Hosildorlikni o‘rtacha 78,4 sentnerga yetkazib, 531 ming tonnaga yaqin don olish rejalashtirilgan. Cho‘lquvarlar zamini – Mingbuloqdagi 312 ta fermer xo‘jaligi tomonidan 9085 gektar maydonda bug‘doy yetishtirildi. Tumanda birinchilardan bo‘lib “Istiqbol” MMTP hududidagi “Muhammad sardor aziz” fermer xo‘jaligida g‘alla o‘rimiga kirishildi.

Ayni paytda pishib yetilayotgan hosilni yuqori unumdor kombaynlar yordamida qisqa fursatlarda qabul maskanlariga yetkazish maqsad qilingan. Umuman tuman bo‘yicha mavsumda 54 ta maxsus otryad tashkil etilib, bularga 270 tadan ortiq zarur texnika jalb qilindi. Uchqo‘rg‘on tumanida esa fermer xo‘jaliklari tomonidan joriy yil boshida g‘alladan 100 sentner, paxtadan 50 sentner hosil olishni maqsad qilib, ishga kirishildi. Ulkan marralar sari harakatlar o‘z natijasini berishni boshladi. “Dehqon qanoti” MMTP hududida joylashgan “Farhod zamin tolasi” fermer xo‘jaligi azamat dehqonlari g‘alladan 100 sentnerdan hosil olmoqda. Hali o‘rim ishlari davom etayotgan bo‘lsa-da, reja ortig‘i bilan bajarildi.
Viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xodimlari tomonidan joylarda mavsum davomida turli xil ko‘ngilsiz hodisalarning oldini olish maqsadida tushuntirish-targ‘ibot ishlari olib borilmoqda. Fermer xo‘jaliklarda mavsumga jalb qilingan texnikalar birlamchi yong‘in o‘chirish vositalari hamda uchqun so‘ndirgich bilan jihozlanishi eslatib o‘tilmoqda.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.