Bolgariyadagi dahshatli yong‘in Gretsiyaga o‘tdi
Bolgariya hududida boshlanib, chegara orqali Gretsiyaning Evros muzofotiga qarashli Soflu tumaniga o‘tib ketgan o‘rmon yong‘inini o‘chirish ishlari ikkinchi kundirki davom etyapti.
Mahalliy ommaviy axborot vositalari xabariga ko‘ra, kecha tushga yaqin qo‘shni davlatdan o‘tgan olov Soflu munitsipaliteti tarkibidagi Rushenler qishlog‘i yaqinidagi o‘rmonzorni egallagan. Tuni bilan olib borilgan sa’y-harakatdan so‘ng ertalab hududga qo‘shimcha kuchlar jalb etildi. Hozir hodisa joyida 148 nafar o‘t o‘chiruvchi, 38 maxsus texnika vositasi va 8 quruqlik bo‘linmasi mehnat qilmoqda.
Kun yorishishi bilan ofatga havodan zarba berish amaliyoti tiklandi va jarayonga 3 vertolyot, 2 samolyot jalb qilindi. Mintaqaning suv tashuvchi mashinalari ham faollik ko‘rsatyapti. Hududda esayotgan kuchli shamol yong‘inni jilovlashga xalaqit beryapti. Tomonlar ma’lum qilishicha, ayni payt “tilsiz yov” aholi yashaydigan manzillarga bevosita xavf solayotgani yo‘q.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA