Bolalikdagi orzu beg‘ubor va samimiy bo‘ladi
1 iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni
Ota uyining diydori, qadri o‘zgacha bo‘ladi. Ayniqsa, undan uzoqda yashaydigan farzand uchun. Hafta u yoqda tursin, bir necha oy o‘tib ota-onang, tug‘ishganlaring diydoriga oshiqishdan ortiq maroqli lahzalar bo‘lmasa kerak. Poytaxtda yashaganim uchun bunday holatni ko‘p his qilganman. Har gal opa-singillar bilan ota-onamni yo‘qlab borganimizda bolaligimizda boshimizdan kechgan voqealarni eslaymiz. Ota-onam biror yoqqa mehmondorchilikka borsa, men darrov ularga ergashib olar ekanman. Agar olib borishmasa, uch-to‘rt kun araz qilib yurarkanman.
Yaqinda dadam aytgan bir voqea barchamizni hayratga soldi.
Dadam bilan onam ammamning tug‘ilgan kuniga boradigan bo‘lishganida men ham ularga ergashib oldim. “Katta qiz bo‘lib qolding, maktab o‘quvchisi bo‘lsang”, deb koyishsa ham uyda qolishga rozi bo‘lmadim. Shundan so‘ng meni ham olib ketishdi...
Ammamnikiga menga tengdosh bo‘lgan bolalar ham kelishgan ekan. Ular bilan qo‘shilib, rosa o‘ynadik. Mehmonlar suhbatiga xalaqit bera boshladik, shekilli, shunda ammam hammamizning qo‘limizga qog‘oz va qalam berib, rasm chizinglar, dedilar. Yoshi bizdan kattaroq Laziz aka:
– Men paxta ekilgan dalani,traktorni chizdim. Katta bo‘lsam, mana shu dalalarga boshliq bo‘laman, – dedi.
Shu payt endi tili chiqqan Go‘zal: “Men qizni yasmini chizdim. Oyqasida kichik bolalay eygashib ketyapti”, dedi.
Bolalar ichida ammamning o‘g‘li Rustam va mening yoshimiz teng. O‘sha paytda biz maktabga chiqqanimiz bois, aqlimiz kirib qolgan, chizgan rasmimiz ham shunga mos edi.
Go‘zalga qo‘shimcha qilib: “Men ham qiz rasmini chizdim. U she’r yozyapti. Katta bo‘lsam jurnalist bo‘laman”, dedim. Sho‘xligi barchadan ortib tushadigan Rustam esa: “Qaranglar, men chizgan rasmga bir qaranglar,– deb hammani o‘zi tomon chorladi.– Men chizgan rasm hammanikidan chiroyli. Boshida “shapka”si bor, forma kiygan amakini chizdim. Men katta bo‘lsam, melisa bo‘laman”, deb maqtandi.
“Chizgan rasmingni tushunib bo‘lmayapti-ku?”, deb Alisherni masxara qildik. Uning rasmida bir nechta uzun to‘rtburchak shakli chizilgan, ichiga 1, 3, 5, 10, 25, 50 raqamlari tushirilgan edi. Kulganimizdan jahli chiqqan Alisher: “Bu pulning rasmi”, dedi.
Barchamizdan yoshi kichik, hali ko‘p so‘zlarni to‘liq talaffuz qila olmaydigan Ravshanga Go‘zal bidirlab: “Sen nimani yasmini chizding” , dedi. Ravshan biroz jim turib: “Men hech nimani rasmini chizmadim. Lekin tatta bo‘lsam hammani himoya qilaman”, dedi...
Ana shungayam 23 yil bo‘ldi. Hayratlanarlisi shundaki, o‘sha kuni bolalar rasm chizib nimani niyat qilgan bo‘lishsa, farishtalar “omiyn”, deyishganmi, to‘liq ro‘yobga chiqdi.
“Katta bo‘lsam dalalarga boshliq bo‘laman”, degan Laziz aka ayni paytda Qishloq xo‘jaligi vazirligida faoliyat yuritmoqda. Ortidan bolalar ergashgan qizning rasmini chizgan Go‘zal Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetini tamomlab, ayni kunda poytaxtimizning Yangihayot tumanidagi 285-sonli davlat umumta’lim maktabida yoshlar yetakchisi. Boshida “shapka”si bor, forma kiygan amakining rasmini chizib maqtangan Rustam Jizzax viloyat ichki ishlar boshqarmasi xodimi, katta leytenant. Bir nechta uzun to‘rtburchak shaklini chizib, ichiga 1, 3, 5, 10, 25, 50 raqamlarini tushirib “ Bu pulning rasmi” degan Alisher Jizzax viloyatidagi tumanlardan birida “Xalq banki” da mas’ul lavozimda, “tatta bo‘lsam, hammani himoya qilaman”, degan 3 yoshli Ravshan Davlat xavfsizlik xizmati tizimida faoliyat yuritmoqda. Daftariga she’r yozayotgan qizning rasmini chizgan kamina esa O‘zbekiston Milliy universiteti jurnalistika fakultetini bakalavr hamda magistratura bosqichini tamomlaganman.
Bolalikdagi orzu beg‘ubor va samimiy bo‘ladi. Unga farishtalar “omiyn”, deydi. Stolim ustidagi taqvimda 1 iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kunini ko‘rib shularni eslagim keldi.
Dilfuza Mahkamova,
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi mutaxassisi,
Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindori.