Bolalarga hayot va umid ulashuvchi aksiya
Avval xabar berilganidek, 1-iyun — Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi tashabbusi bilan “Bor mehrimiz senga, bolajon!” beg‘araz donorlik aksiyasi o‘tkazilmoqda.
Mazkur aksiya doirasida partiya Siyosiy Kengashi raisi Robaxon Mahmudova boshchiligidagi partiya faollari Bolalar gematologiyasi, onkologiyasi va immunologiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazida bo‘lib, u yerda davolanayotgan bolajonlar holidan xabar oldi.
[gallery-29784]
Bugungi kunda ushbu ilmiy-amaliy tibbiyot markazida 220 nafar bola davolanmoqda. Partiya vakillari ular bilan suhbatlashib, sog‘liqlari, davolanish jarayoni va ular uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi. Shuningdek, Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan bemor bolajonlarga partiya tomonidan esdalik sovg‘alari topshirildi.
Tadbir davomida “Bor mehrimiz senga, bolajon!” beg‘araz donorlik aksiyasi doirasida jamg‘arilgan qon mahsulotlari Bolalar gematologiyasi, onkologiyasi va immunologiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazida davolanayotgan bemor bolajonlar ehtiyoji uchun bepul yo‘naltirilishi ma’lum qilindi. Bu tashabbus og‘ir kasalliklar bilan kurashayotgan bolalarning sog‘ayishiga ko‘maklashishda muhim ahamiyatga ega.
Kelajagimiz bo‘lgan bolalar salomatligini asrash, ayniqsa, og‘ir xastalik bilan kurashayotgan bolajonlarga ko‘mak berish, ularning ko‘nglini olish eng katta savob amallardandir. Shu ma’noda “Adolat” SDP tomonidan an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan mazkur donorlik aksiyasi qonga muhtoj bemor bolalarga amaliy yordam ko‘rsatish bilan bir qatorda jamiyatda mehr–oqibat, insonparvarlik, saxovat va hamjihatlik muhitini mustahkamlaydi. Aholi orasida beg‘araz donorlik madaniyatini keng targ‘ib etish, ijtimoiy mas’uliyatni amalda qaror toptirishga xizmat qiladi.
Muhtarama Komilova, Oybek Pardayev (surat), O‘zA