Bolalarga favqulodda vaziyatlarda qanday harakat qilish tushuntirilmoqda
Andijon viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi, tuman, shahar bo‘limlari xodimlari tomonidan yozgi bolalar oromgohlarida turli ko‘ngilsiz hodisalarning oldini olishga qaratilgan keng ko‘lamli targ‘ibot ishlari olib borilmoqda.
Jumladan, Qo‘rg‘ontepa tumani Favqulodda vaziyatlar bo‘limi xodimlari tomonidan tumanda faoliyat yuritayotgan bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlarida favqulodda vaziyatlarning oldini olish, bolalarning xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha doimiy ravishda targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilmoqda.
Tadbirlarda oromgohda dam olayotgan bolalar, tarbiyachi va mas’ullar ishtirokidagi zilzila, yong‘in, suv toshqini va boshqa turli ko‘rinishdagi favqulodda vaziyatlar sodir bo‘lganda to‘g‘ri harakatlanish tartibi, evakuatsiya qoidalari, birlamchi xavfsizlik choralariga rioya etish, inson hayoti va salomatligini saqlab qolish yuzasidan zarur bilim va tavsiyalar berilmoqda.


Shuningdek, Favqulodda vaziyatlar bo‘limlari davlat inspektorlari tomonidan oromgoh rahbariyati bilan suhbatlar o‘tkazilib, yong‘in xavfsizligi talablariga rioya etish, mavjud yong‘inga qarshi vositalarning soz holatda saqlanishi, evakuatsiya yo‘laklarining ochiqligi hamda favqulodda vaziyatlarga shaylik holatini ta’minlash bo‘yicha amaliy tavsiyalar berilmoqda.
– Mazkur tadbirlarni o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad, bolalar hamda mas’ullarning favqulodda vaziyatlarda to‘g‘ri harakat qilish ko‘nikmalarini mustahkamlash, – deydi viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi matbuot xizmati rahbari, kapitan Hayotbek Rahimov. – Qolaversa, xavfsizlik choralarini kuchaytirish, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan ko‘ngilsiz hodisalarning oldini olishdan iborat.


Bu kabi tadbirlar viloyatning barcha tuman va shaharlarida izchil olib borilmoqda.
Faxriddin Ubaydullayev,
O‘zA muxbiri