Bolalar xavfsizligini ta’minlash – muhim vazifa
Andijon viloyati IIB JXX Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi tashabbusi bilan viloyat hududida voyaga yetmaganlar ishtirokidagi yo‘l-transport hodisalarining oldini olish maqsadida keng qamrovli profilaktik-targ‘ibot tadbirlar o‘tkazilmoqda.
Tadbirlar davomida avtomobil yo‘llarining belgilanmagan joylarida harakatlanayotgan yosh velosipedchilar bilan suhbatlar o‘tkazilmoqda, ularga yo‘l harakati qoidalariga rioya etish yuzasidan tushuntirish berilmoqda.
– Profilaktik tadbirlarni o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad, voyaga yetmagan yoshlarning yo‘l harakati qoidalariga amal qilishlarini ta’minlashga qaratilgan, – deydi viloyat YHXB katta mutaxassisi Abdumajid Raimjonov. – Shu bilan birga, bolalarga harakat xavfsizligi qoidalarini o‘rgatish, ularning yo‘l harakati qoidalariga oid bilimlarini oshirish, yo‘l-transport hodisalarining oldini olishdan iborat.


Shuningdek, tadbirlar davomida amaldagi tartiblarga muvofiq, 14 yoshga to‘lmagan holda avtomobil yo‘llarida velosiped hamda skuter boshqarib yurgan voyaga yetmaganlarning ota-onalari bilan ham farzandlarini nazoratsiz va qarovsiz qoldirmaslik, ularning yo‘llarda xavfsiz harakatlanishini ta’minlash yuzasidan suhbatlar o‘tkazilmoqda.


F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari