Bolalar shoiri oʻlmaydi!
Adabiyotimizning yana bir zabardast ustunlaridan biri, benazir ijodkor, Oʻzbekiston Xalq shoiri, yurtimiz bolajonlarining sevimli adibi, ustoz Anvar OBIDJON safimizni tark etdi.
Adabiyotimizning yana bir zabardast ustunlaridan biri, benazir ijodkor, Oʻzbekiston Xalq shoiri, yurtimiz bolajonlarining sevimli adibi, ustoz Anvar OBIDJON safimizni tark etdi. Ijtimoiy tarmoqlarda u insonning faqat oʻzigagina xos boʻlgan qirralarini yodga olishib, koʻp yaxshi soʻzlar aytildi, obod oxirat tilandi. Chunki Anvar Obidjon ijodi oʻquvchilik chogʻlarimdan men bilan hamroh. Bolalik kunlarimdan soʻz ochsam, bu insonning nomini tilga olmay ilojim yoʻq. Zero, qoʻlida kitob olib yurgan bolani koʻrsangiz, “qanaqa kitob oʻqiyapsan, bu kimning asari?” deb soʻrashingiz tabiiy. Shu maʼnoda men ham ustoz adibning bir-biridan quvnoq asarlarini mutolaa qilib, qisqa, ammo sermazmun sheʼrlarini yod olib, katta boʻlganman va bugungi kunda Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi qoshidagi “Bolalar va oʻsmirlar adabiyoti” kengashimizning Otaxon ijodkorlaridan edi.
Har qanday yoʻsinda otaxonlardan maslahat olinadi. Shu kunga qadar rahmatli. Ustoz Anvar Obidjon hamda Oʻzbekiston Xalq yozuvchisi, hammamiz uchun sevimli va ardoqli adib Xudoyberdi Toʻxtaboyevni (umrlari ziyoda boʻlsin!) katta tayanch bilib, koʻrsatgan yoʻl-yoʻriqlarini Kengashimizning har bir faoliyatida qoʻllab kelayotgan edik...
Oʻtgan yilning oxirlarida rahmatli otamni tuproqqa qoʻygan edim. Bu yilning ilk bahor kunlarida esa otamning safdosh doʻstlaridan boʻlgan zabardast shoir Azim Suyunni “berib qoʻydik”. Yaqinda... xullas, koʻngil yaralarim yana yangilandi.
Anvar aka juda madaniyatli inson edilar. Davralarda ham soʻz berilsa, qisqagina qilib, gapning magʻiz joyini topib aytardilar. Kezi kelganda, vodiy xalqiga xos payrovlarning ham ustasi edilar.
Ayolim bilan ustoz ijodkorni yodga oldik. Ayolim ham televideniyeda ishlab, koʻrsatuvga chaqirganini, ustoz esa suhbat yakunida oʻzi haqidagi yangi bir kitob taqdim etganini aytib, oʻsha kitobdagi qiziq voqealarni eslashgan edik. Oʻshanda qizimning nomiga dastxat ham yozib bergan ekan, rahmatli.
Kunning ikkinchi yarmida ijtimoiy tarmoqda noxush xabar tarqaldi. Seskanib ketdik. Aslo ishongimiz kelmasdi. Eng ogʻiri — Anvar Obidjonning men singari muxlislari boʻlgan farzandlarimga bu sovuq xabarni aytish edi...
Hech bir ishga qoʻlim bormasdi. Ustozim haqidagi kitoblarni ezilib mutolaa qilishga kirishdim, oʻzimning ham nimalardir yozgim keldi. Buni qarangki, bisotimdan Anvar Obidjonning qutlugʻ 70 yillik yubileyiga atab “Sizga havasdaman!” nomidagi koʻngil bitiklarimni topib oldim.
“Hech mubolagʻasiz — Anvar aka mening bolalikdagi gʻoyibona ustozimga aylangan. Dastlab “Masxaraboz bola” va keyinchalik “Juda qiziq voqea” nomli kitoblarini qoʻldan qoʻymay oʻqiganman, yod olganman. Taʼbir joiz boʻlsa aytayin, ushbu kitoblar bolalik kutubxonamdagi eng “iyigʻi chiqqan” kitoblardan edi. Negaki, ularni maktabga borsam sumkamda, mol boqsam qoʻltigʻimda, yotsam yostigʻimning ostida tutardim. Agarda Anvar Obidjonshunoslar roʻbaroʻ kelib, sheʼrlaridan aytishuv qilsak ham uyalib qolmasligim tayin!
Agar eʼtibor qilib oʻqisangiz, Anvar Obidjon ijodida toʻgʻridan-toʻgʻri nasihatgoʻylik uchramaydi. Roʻy-rost gapni yengil tilda aytadi-qoʻyadi.
– Olmaniyam gʻajiyman,
– Holvaniyam gʻajiyman!
– Oʻzi nechta tishing bor?
– Sening nima ishing bor!
Tabiiyki, bunday sheʼr bir oʻqilishida yodingda qoladi va “odobli bola boʻl”, “derazaga qarab tosh otma”, “dangasalik qilma” qabilidagi nasihatbozlikni chetlab oʻtadi. Bir chimdim hajv bilan holat ochib beriladi, xulosani yasash esa oʻquvchining hukmi ixtiyorida qoladi.
Soʻzim isboti tariqasida aytadigan boʻlsam, bolalikda oʻqigan boshqa shoirlar ijodida biroz bayonchilikni va pand oʻqishni kuzatganman. Tabiiyki, bola uchun bu juda xush yoqavermaydi. Shu maʼnoda ham Anvar akani oʻziga xos ixcham va loʻnda sheʼrlar bilan oʻzbek bolalar adabiyoti, xususan sheʼriyatida tub burilish yasay olgan mohir ijodkor degim keladi.
Demak, xulosa ham shuki, bu shoir xususida koʻp gapirib oʻtirish shart emas, Ustozning oʻz ijodiy yoʻlidan borib, qisqalikdan hikmat axtarish kerak. Agar ruxsat bersangiz, men ham bitta sheʼr aytaman” deb davom etgan ekan qutlov soʻzlarim. Afsuski, bagʻishlov sheʼrim juda koʻtarinki kayfiyatda yozilgan edi.
... Bundan necha yil oldin,
Koʻnglida buyuk matlab –
Toshkentga keldi shoir
Olti ariqni hatlab.
Keyin bu ariqlardan –
Qancha suvlar oqmadi.
Shoir begʻuborlikdan –
Boshqasiga boqmadi.
Bolalar shoiriga
Begonadir keksalik.
Bir umrga bola u,
Tiniqlikdan esdalik!
...“Toshkent bu yonda, bolam,
Sen qayga yoʻl olasan?!” —
Farzandini yoʻqotib
Halak ona — Poloson.
... Nahot endi Ustoz yoʻq?!
Hech ishongim kelmaydi!
Kitob bosib bagʻriga
Ona qizim jilmaydi.
Va shu holat koʻnglimni
Oʻkinchlardan qaytardi:
Qizim oʻz ukasiga —
Ustoz sheʼrin aytardi!
Orif TOʻXTASH,
Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, shoir,
“Bolalar va oʻsmirlar adabiyoti” Kengashi raisi