Bolalar kulgisi bayramning eng katta bezagi
1-iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi tomonidan Beruniy tumanidagi 1- va 2-sonli Oilaviy bolalar uyi tarbiyalanuvchilari uchun qadimiy va navqiron Xiva shahriga sayohat tashkil etildi.
Sayohat davomida bolajonlar Xivaning tarixiy obidalari, boy madaniy merosi hamda betakror me’moriy yodgorliklari bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Ayniqsa, Ichan-qal’a davlat muzey-qo‘riqxonasiga tashrif ularda katta taassurot qoldirdi.

Bolalarning yuzlaridagi samimiy tabassum, quvonch va hayrat ularning kayfiyati yuqori bo‘lganidan dalolat berdi. Bunday ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar yosh avlodning dunyoqarashini kengaytirish, tarix va milliy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Sayohat davomida bolajonlar maroqli hordiq chiqarib, ko‘plab ijobiy taassurotlarga ega bo‘ldilar. Ularning quvonchi va beg‘ubor kulgisi bayramning eng katta bezagiga aylandi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.