Bo‘lajak yuristlar kiberjinoyatga qarshi kurashishda amaliy bilimlarni oshirmoqda
Kiberjinoyat — shaxsiy ma’lumotlarni o‘g‘irlash, moliyaviy firibgarlik, kiberterrorizm va muhim axborot infratuzilma ob’ektlariga kiberhujumdan tortib, sun’iy intellekt vositasida amalga oshiriladigan yangi avlod jinoyatlarigacha bo‘lgan holatlardir. Eng muhim haqiqat shundaki, kiberjinoyatlarga qarshi kurashning eng ishonchli va uzoq muddatli vositasi kuch ishlatish emas, balki ta’lim.
Toshkent davlat yuridik universiteti Huquq va texnologiyalar sho‘’basi o‘qituvchisi Xushnazar Jo‘rayev bu borada quyidagilarni ma’lum qildi:
–Aynan ta’lim jarayonida shakllangan raqamli savodxonlikka ega mutaxassis kibertahdidlarni oldindan sezadi va ulardan himoya mexanizmlarini qurishga qodir bo‘ladi. Shu bois, davlatimiz rahbarining 2025-yil 26-noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida yuridik ta’lim va ilm-fanni yanada isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni milliy yuridik ta’limni xalqaro standartlar asosida transformatsiya qilish yo‘lidagi tarixiy qadam sifatida nafaqat ta’lim tizimi, balki butun mamlakat kiberxavfsizligi uchun ulkan ahamiyat kasb etdi.
Raqamlashtirish sur’atlarining tezlashishi bilan birga kiberjinoyatlar ham yanada murakkab tus olmoqda. Shaxsiy ma’lumotlarning ommaviy sizib chiqishi, noqonuniy operatsiyalar, davlat xizmatlarining muhim axborot infratuzilma ob’ektlariga hujumlar va dipfeyk texnologiyasi yordamidagi firibgarlik holatlari bugungi huquq amaliyotchilari uchun butunlay yangi muammolar silsilasini vujudga keltirmoqda.
Bunday sharoitda faqat qonun moddasini biladigan, ammo texnologiyaning ishlash tamoyillarini tushunmaydigan yurist kiberjinoyat tergovi yoki raqamli huquqbuzarliklarni malakali baholashda ojizlik qiladi. Shu sababli Toshkent davlat yuridik universiteti (TDYU)ni an’anaviy ta’lim muassasasidan zamonaviy, texnologik jihatdan yetuk huquqshunoslar tayyorlovchi markazga aylantirish uchun puxta poydevor yaratilmoqda.
Farmon doirasida universitetda Huquq va texnologiyalar sho‘’basi tashkil etilgan bo‘lib, unda kiber huquqi, kiberjinoyat huquqi, sun’iy intellekt va robotexnika hamda kiberjinoyatlarni tergov qilish kabi ixtisoslashtirilgan modullar o‘qitilmoqda. Bu esa yosh yuristlarga faqat nazariy bilim emas, balki raqamli jinoyatchilikning texnik mexanizmlarini amaliy tushunish imkonini beradi. Farmonning yana bir muhim qismlaridan biri bu - TDYUda “Raqamli huquq” sohalararo ixtisosligi bo‘yicha ilmiy darajalar beruvchi ilmiy kengash ham tashkil etilishi. Bu kiberjinoyatchilik va raqamli huquq sohasida fundamental tadqiqotlar olib borish hamda milliy ilmiy maktabni shakllantirish uchun muhim institutsional asos bo‘lib xizmat qiladi.
Qabul jarayoni ham xalqaro standartlarga to‘la muvofiq tashkil etilishi rejalashtirilgan: “Raqamli huquq” yo‘nalishiga abituriyentlarni saralashda ixtisoslashgan xorijiy tashkilotlar bilan hamkorlikda IQ testlari o‘tkaziladi. Ta’lim jarayoni ingliz
tilida olib boriladi, yetuk xorijiy professor-o‘qituvchilar o‘quv jarayoniga jalb etiladi. Bu bitiruvchilarning nafaqat mahalliy, balki global mehnat bozorida ham raqobatbardosh bo‘lishini ta’minlaydi.
Prezidentimiz farmoni asosida amalga oshirilayotgan strategik transformatsiya faqat ta’lim islohotidan iborat emas — bu O‘zbekistonning raqamli suverenitetini himoya qilish yo‘lidagi aniq va izchil siyosatdir.
Kiberjinoyatlarga qarshi kurash davlat organlari, texnologiya kompaniyalari va fuqarolik jamiyatining birgalikdagi sa’y-harakatlarini talab qiladi, biroq bu harakatlarning barchasi malakali kadrlar — raqamli huquqni chuqur biladigan, texnologiyani tushunadigan va fuqarolar huquqlarini izchil himoya qila oladigan mutaxassislarsiz samarasiz bo‘lib qoladi.
Shu ma’noda, Toshkent davlat yuridik universitetida shakllanyotgan yangi avlod huquqshunoslari — kiber huquqi, kiberjinoyat tergovi va sun’iy intellekt huquqi bo‘yicha bilimli, ingliz tilida erkin muloqot qila oladigan, innovatsion fikrlaydigan yuristlar — yangi O‘zbekistonning raqamli kelajagini qurishda asosiy tayanch kuchga aylanadi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA