Bo‘lajak shifokorlar bilan uchrashuv
Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev tibbiyot oliy o‘quv yurtlarida tahsil olayotgan talabalar bilan uchrashuv o‘tkazdi. Unda barcha tuman va shahar hokimlari, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi mas’ullari, hududiy tibbiyot bo‘limlari vakillari, shifokorlar va yoshlar qatnashdi.
Dastlab Zoyir Mirzayev viloyatda sog‘liqni saqlash sohasidagi umumiy ko‘rsatkichlar haqida taqdimot qilib, bu borada atroflicha ma’lumot berdi. Xususan, Toshkent viloyatining 3 million 66 ming nafar aholisiga sog‘liqni saqlash tizimidagi 304 ta muassasa tomonidan tibbiy xizmat ko‘rsatmoqda. So‘nggi 6-yil ichida 22 ta oilaviy shifokorlik punkti, 9 ta oilaviy poliklinika, 4 ta ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika va 118 ta mahalla tibbiyot punkti tashkil etildi.


O‘z navbatida ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika soni 18 tadan 22 taga yetkazilib, 118 ta mahalla tibbiyot punkti tashkil etilishi munosabati bilan 715 ming nafar aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yildi. Joylardagi tibbiyot muassasalarida 8 ming 873 nafar shifokor shtat birligi mavjud bo‘lib, shundan 4 ming 732 nafar shifokor faoliyat ko‘rsatmoqda. Mutaxassisliklar bo‘yicha tahlil qilinganda, umumiy amaliyot shifokori, ultratovush tashhislash shifokori, anesteziolog va reanimatolog, nevropatolog, endokrinolog, pediatr, akusher-ginekolog, onkolog, allergolog-immunolog, psixiatr, rentgenolog kabi mutaxassislarga joylarda ehtiyoj sezilmoqda.

Ayniqsa, bugungi kunda Yangiyo‘l, Ohangaron, Bo‘ka, Bo‘stonliq tumanlari, Angren va Bekobod shaharlaridagi tibbiyot muassasalarida shifokorlarga ehtiyoj katta.
Uchrashuvda salohiyatli yosh shifokorlarga yaratilgan imtiyozlarga ham to‘xtalib o‘tildi. Jumladan, Prezidentimizning 2020-yil 12-noyabrdagi “Birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari faoliyatiga mutlaqo yangi mexanizmlarni joriy qilish va sog‘liqni saqlash tizimida olib borilayotgan islohotlar samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bo‘yicha viloyatdagi 34 ta olis va chekka hududlardagi muassasaga 32 nafar malakali shifokor jalb etildi. Ularga 30 million so‘m miqdorida bir martalik pul mablag‘lari berildi. Bundan tashqari, olis va chekka hududlarda faoliyat yurituvchi barcha shifokor va yosh mutaxassislarga qo‘shimcha pul mablag‘lari to‘lab kelinmoqda. Shu bilan birga, bir nafar shifokorga ipoteka asosida uy-joy sotib olish uchun mablag‘ ajratildi. Ayrim yo‘nalishda o‘qiyotgan shifokorlarga to‘lov kontrakti mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan to‘lab berildi.

– Yoshlar bilan ko‘p muloqot qilmoqdamiz, – deydi Zoyir Mirzayev. – Hozir yoshlar malakali mutaxassislar bilan gaplashganda ularning yuqori maosh olishiga qiziqadi. Ko‘plab talabalar poytaxtda ishlashga intiladi. Biroq hududlarda ish tajribasini oshirib, xalq bilan yaqinlashgan shifokorlar har doim o‘z yo‘lini topib ketadi. Bunga misollarimiz juda ko‘p. Boshqa hududlardan kelib, olis tog‘li qishloqlarda ishlayotgan shifokorlarni bilamiz. Ularni shu joy aholisi juda yaxshi ko‘radi va hurmat qiladi. O‘ylashimcha, o‘z kasbidan baxt topayotganlar aynan shulardir.

Uchrashuvda yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.
A.Musayev, O‘zA muxbiri