Bola tanlovi – ta’lim sifatining muhim omili
Jizzax viloyati maktabgacha ta’lim boshqarmasi tashabbusi bilan “Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz!” ezgu g‘oyasi ostida “Davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida ta’lim sifati va yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik holati” mavzusida press-tur tashkil etildi.

Tadbirda boshqarma va Sharof Rashidov tumani xodimlari, mas’ullar, respublika hamda mahalliy ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Press-tur avvalida tumandagi 6-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida bolajonlarga sifatli ta’lim-tarbiya olishlari uchun yaratilgan sharoit va imkoniyatlar, shuningdek, yakuniga yetib borayotgan “Yozgi sog‘lomlashtirish oyligi” doirasida amalga oshirilgan ishlar borasida batafsil axborot berildi.

– Ushbu maktabgacha ta’lim tashkiloti 1968 yilda tashkil topgan bo‘lib, 90 o‘ringa mo‘ljallangan 1 qavatli nostandart binoda joylashgan, – deydi 6-sonli DMTT direktori Sabohat Ahmedova. – 2020-2021 yillarda bog‘chamiz manzilli dasturga kiritilib, 2 qavatli qilib, zamon andozalari asosida tubdan qayta qurilib foydalanishga topshirildi. Ayni paytda, bog‘chamizda malakali pedagoglar tomonidan 285 nafar boljonlarga sifatli ta’lim-tarbiya berib kelinmoqda.
DMTTda 9 ta asosiy va 1 ta qisqa guruhlar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Yangi o‘quv yilida 3 ta tayyorlov guruh 90 nafar bolajonni qamrab olishi aytib o‘tildi. Tashkilotda tabiyalanuvchilar “Ilk qadam” davlat dasturi asosida tarbiyalanmoqda.
Mental arifmetika, raqs, badiiy gimnastika, rus va ingliz tili to‘garaklari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.
– Bolajonlarimizning o‘z qiziqishiga qarab asosiy 5 ta markazga bo‘lingan holda, mashg‘ulotlar tarbiyalanuvchilarimizning xohish istaklari inobatga olingan holda qunt bilan o‘rgatilayotgani samarasida ta’lim sifati sezilarli darajada ortdi, – deydi 6-sonli DMTT metodisti Xolida Sharopova. – Bunday holatda, ya’ni o‘zlari xohlagan markazda shug‘ullanganda, sportni sevadigan, unga qiziqishi bor bola, musiqa, rassomchilik yoki tabiat markaziga o‘tkazib qo‘yilsa, uni shu yo‘nalishni o‘zlashtirishi juda mushkul kechadi. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad – bolalarning xohish istagiga qarab o‘z yo‘nalishini topishga ko‘mak berish. Ana shundagina ta’lim sifati ortadi, bola o‘zida qiziqish bor yo‘nalishni bemalol o‘zlashtira oladi.
A.QAYUMOV,
J.YORBEKOV (surat) O‘zA