Bola huquqlari – inson huquqlarining ajralmas qismi
1-iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan bolalar huquqlari, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va mamlakatimizda bu borada amalga oshirilayotgan ishlar xususida Millatlararo munosabatlar qo‘mitasining Strategik rejalashtirish va axborot-tahlil bo‘limi mutaxassisi, 3-darajali yurist Mirsulton Mirzarahmatov quyidagilarni gapirib berdi:
— Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni, avvalo, har bir bolaning huquqlari, manfaatlari va farovon hayotini ta’minlash masalalariga jamiyat e’tiborini qaratish kunidir. Bola huquqlari inson huquqlarining ajralmas qismi hisoblanadi. Shuning uchun ham bugungi kunda dunyo davlatlari bolalarning ta’lim olishi, sog‘lom o‘sishi va xavfsiz muhitda voyaga yetishiga alohida ahamiyat bermoqda.

Mamlakatimiz BMTning “Bola huquqlari to‘g‘risida”gi Konvensiyasiga qo‘shilgan davlat sifatida xalqaro majburiyatlarni izchil bajarib kelmoqda. Konstitutsiyamizda ham oila, onalik, otalik va bolalik davlat himoyasida ekani mustahkamlangan. So‘nggi yillarda maktabgacha ta’lim qamrovini oshirish, yangi maktablar qurish, inklyuziv ta’limni rivojlantirish, bolalar salomatligini muhofaza qilish bo‘yicha muhim ishlar amalga oshirildi. Bularning barchasi yosh avlodning munosib ta’lim va tarbiya olishi uchun xizmat qilmoqda.

Ota-ona, ta’lim muassasalari, jamoat tashkilotlari va har bir fuqaro bolalar taqdiriga daxldor. Masalan, ehtiyojmand oilalar farzandlariga yordam berish, xayriya tadbirlarida qatnashish yoki bolalar ta’limiga ko‘maklashish ham jamiyatning ijtimoiy mas’uliyatini namoyon etadi.

Misol uchun, “Bor mehrimiz senga, bolajon!” donorlik aksiyasi haqida gapiradigan bo‘lsak, bu aksiyaning ahamiyati juda katta. Chunki ayrim og‘ir xastaliklarga chalingan bolalarni davolashda qon va uning tarkibiy qismlariga ehtiyoj yuqori bo‘ladi. Bir insonning donorlik qilishi bir necha bemor bolaning hayotini saqlab qolishi mumkin. Shu ma’noda mazkur aksiya nafaqat tibbiy yordam, balki insonparvarlik va hamjihatlikning amaliy ko‘rinishidir.
Xalqaro tajriba shuni ko‘rsatadiki, bolalar ta’limi va salomatligiga sarflangan mablag‘ eng samarali investitsiya hisoblanadi. Chunki bugun maktabda o‘qiyotgan bolalar ertaga mamlakat iqtisodiyotini, ilm-fanini va davlat boshqaruvini rivojlantiradigan kadrlar bo‘ladi. Shuning uchun bolalarga yaratilayotgan har bir imkoniyat kelajakka qo‘yilgan mustahkam poydevordir.
Nigora Rahmonova,
O‘zA