Boks: Osiyo chempionati Toshkentda o‘tkaziladi
Osiyo boks konfederatsiyasi joriy yilning 7-17 dekabr kunlari 22 yoshgacha bo‘lgan yoshlar o‘rtasida o‘tadigan qit’a chempionati Toshkent shahrida o‘tkazilishini e’lon qildi, deya xabar tarqatdi O‘zbekiston boks federatsiyasi matbuot xizmati.
–Bu, eng avvalo, mamlakatimiz sport salohiyatiga Osiyo boks konfederatsiyasining yuksak e’tibori va hurmatidan dalolat. Ta’kidlashim kerakki, qit’amizda ilk bor tashkil etilayotgan mazkur chempionatni o‘tkazishga da’vogar davlatlar bir talay edi. Qit’a chempionatini o‘tkazish tanlovida O‘zbekistonning g‘olib chiqishi barchamiz uchun quvonchli voqea bo‘ldi. Qit’adagi eng nufuzli boks musobaqalaridan birining yurtimizda tashkil etilishi yosh sportchilarning kamolga yetishida katta ahamiyat kasb etadi, –deydi O‘zbekiston boks federatsiyasi xalqaro aloqalar boshqarmasi boshlig‘i Shohid Tillaboyev.
Xabarda keltirilishicha, ilk bor o‘tkazilayotgan chempionatda 1999-2002 yillarda tug‘ilgan yoshlar qatnashadi.
Shu o‘rinda aytish lozimki, mamlakatimizda 1995, 1999 va 2017 yillari kattalar o‘rtasida, 2015 yili esa o‘smirlar o‘rtasida Osiyo chempionati o‘tkazilgan edi.
Ma’lumki, o‘tgan yili bo‘lib o‘tgan AIBA ijroqo‘mining qarori bilan 2023 yili kattalar o‘rtasida o‘tkazilishi belgilangan jahon chempionatiga ham aynan Toshkent shahri mezbonlik qiladi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA