Boks majmuasi foydalanishga topshirildi
Sirdaryo viloyatida yoshlar sportini rivojlantirish, sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etish hamda professional sportchilarni tayyorlash uchun zarur infratuzilmani mustahkamlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 6-martdagi “Sirdaryo viloyatida ishbilarmonlik muhiti, infratuzilma va aholi turmush darajasini yanada yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori muhim dasturulamal bo‘lib xizmat qilmoqda.
Mazkur qaror ijrosi doirasida Guliston shahrida zamonaviy boks majmuasi barpo etilib, sportchi yoshlar ixtiyoriga topshirildi. Loyiha asosida 18x30 o‘lchamdagi zamonaviy sport zali, yuvinish va kiyinish xonalari, tibbiy xizmat xonasi, murabbiylar uchun alohida xonalar hamda qo‘shimcha ma’muriy binolar qurib bitkazildi. Shuningdek, majmua zamonaviy sport anjomlari va jihozlari bilan to‘liq ta’minlandi.
Guliston shahrida bo‘lib o‘tgan ochilish marosimida Otabek Mavlonberdiyev, Guliston shahar hokimi, viloyat boks federatsiyasi raisi Farrux O‘ktamjonov, viloyat sport boshqarmasi boshlig‘i Anvar Bo‘ronov va shuningdek, sport sohasi rahbarlari, faxriylar, murabbiylar va yosh sportchilar ishtirok etdilar.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar Prezidentimiz tomonidan sport sohasiga qaratilayotgan yuksak e’tibor natijasida viloyatda zamonaviy sport inshootlari soni ortib borayotgani, bu esa yoshlar uchun keng imkoniyatlar yaratayotganini ta’kidlashdi. Shu bilan birga, yaratilgan sharoitlardan samarali foydalanib, sportchi yoshlar yurtimiz sharafini xalqaro maydonlarda munosib himoya qilishlari zarurligi qayd etildi.
[gallery-29860]
Ochilish marosimi doirasida yosh sportchilarga boks uchun zarur bo‘lgan sport jihozlari va maxsus formalar topshirildi. Yangi boks majmuasi bir vaqtning o‘zida 120 nafarga yaqin yoshlarni qabul qilish imkoniyatiga ega bo‘lib, bu yerda malakali murabbiylar rahbarligida zamonaviy talablar asosida mashg‘ulotlar olib borilishi rejalashtirilgan.
Mazkur sport inshootining foydalanishga topshirilishi Sirdaryo viloyatida sportni ommalashtirish, iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va professional sportchilar zaxirasini kengaytirish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi.
G‘ulom Primov, Umid Obijjonov (surat) O‘zA