Bo‘kada sel olib ketgan xonadonlar tiklandi
Toshkent viloyati Bo‘ka tumani markazidagi bino va inshootlar, aholi yashash xonadonlari joriy yil 21 iyun kuni kechasi sodir bo‘lgan kuchli yog‘ingarchilik tufayli yuzaga kelgan tabiiy ofat (suv toshqini) natijasida jiddiy zarar ko‘rgan edi.
Xususan, hududdagi “Toshloq” mahallasining Istiqbol ko‘chasi hamda “O‘zbek” mahallasining Uvaysiy ko‘chalarida joylashgan 19 ta xonadonga katta talafot yetgan. Shundan so‘ng ularni tiklash maqsadida qurilish-ta’mirlash ishlari olib borildi. Dastlabki kunlardanoq bu sa’y-harakatlarga viloyat hokimi Zoyir Mirzayevning farmoyishi bilan 1,5 milliard so‘m, keyinchalik esa bosqichma-bosqich jami 5 milliard so‘mga yaqin mablag‘ ajratildi. Buning evaziga “Istiqlol” va “Istiqlol-2” ko‘chalariga 1,1 kilometr uzunlikdagi sement-beton qoplamali yo‘l va 700 metr uzunlikdagi piyodalar yo‘lakchasi qurildi. Shuningdek, ushbu hududni obodonlashtirish maqsadida mingdan ortiq mevali va manzarali daraxtlar ekildi. Tabiiy ofat natijasida zarar yetgan xonadonlarni qayta qurish va ta’mirlash uchun bir qator homiylar tashabbus ko‘rsatdi. Jumladan, “Olmaliq kon metallurgiya kombinati” AJ tomonidan 450 tonna sement hamda turli tadbirkorlar va tashkilotlar tomonidan qurilish materiallari yetkazib berildi.
Mazkur xonadonlarni o‘z egalariga topshirish marosimi o‘ziga xos taassurotlarga boy bo‘ldi. Unda Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev, davlat va jamoat tashkilotlari mutasaddilari hamda hudud faollari qatnashib bu yerda amalga oshirilgan ishlar bilan tanishdi. Bo‘kalik aholi bilan suhbatda Yangi yil bayrami oldidan bu kabi xayrli ishlar barchaga katta sovg‘a bo‘lgani aytib o‘tildi. Bolajonlarga bayram sovg‘alari tarqatildi. Shuningdek, shu kuni tumanning "Yangibog‘" mahallasida qurilgan imtiyozli kreditlar asosidagi arzon uy-joylar o‘z egalariga topshirildi.


A.Musayev, O‘zA.