Bojxonada oziq-ovqat xavfsizligi nazoratda
Toshkent viloyatidagi “Yallama” chegara bojxona postida oziq-ovqat mahsulotlarini import qilish jarayonlari hamda nazorat tizimi o‘rganildi.
Bojxona qo‘mitasi raisi maslahatchisi I.Muxtorov boshchiligidagi ishchi guruh tarkibida Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi rahbariyati, Oziq-ovqat xavfsizligi qo‘mitasi raisi Azizbek Urunov, O‘simliklar karantini va himoyasi qo‘mitasi raisi birinchi o‘rinbosari Bobir Xamroyev hamda Toshkent viloyati O‘simliklar karantini va himoyasi boshqarmasi boshlig‘i Furqat Muxayminov ishtirok etdi.

Tashrif davomida chegara posti orqali mamlakatga olib kirilayotgan oziq-ovqat mahsulotlarini bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazish, fitosanitariya va oziq-ovqat xavfsizligi nazorati jarayonlari joyida ko‘zdan kechirildi.
Shuningdek, yuklarni rasmiylashtirish amaliyoti, chegara nazorati samaradorligi hamda idoralararo hamkorlik mexanizmlari tahlil qilinib, tadbirkorlar uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratish, nazorat jarayonlarini zamonaviy yondashuvlar asosida takomillashtirish, bojxona rasmiylashtiruvi muddatlarini qisqartirish va oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini ta’minlash yuzasidan mas’ullarga tegishli vazifalar belgilandi.

Ta’kidlanganidek, bunday o‘rganishlar bojxona organlari va idoralar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, tashqi savdo jarayonlarini soddalashtirish hamda aholini sifatli va xavfsiz oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlashga xizmat qiladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning o‘tgan davrida “Yallama” chegara bojxona posti orqali umumiy vazni 223,1 ming tonna, qiymati 129,3 million AQSH dollariga teng oziq-ovqat mahsulotlari eksportga rasmiylashtirilgan. Shu davrda vazni 650,3 ming tonna, qiymati 368,4 million AQSH dollariga teng qiymatidagi oziq-ovqat mahsulotlari importi amalga oshirilgan.
A.Musayev, O‘zA