Bojxona xabarlari qisqa satrlarda:
Jizzax viloyati bojxona boshqarmasining kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi bo‘limi tomonidan viloyat DXX bilan hamkorlikda sifati kafolatlanmagan biofaol qo‘shimchalar savdosining oldini olindi.
Jizzax shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro U.Z hech qanday hujjatlari bo‘lmagan, xorijda ishlab chiqarilgan, umumiy qiymati 40 million so‘mlik biofaol qo‘shimchalarni sotayotgan vaqtida qo‘lga olindi.
***
Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi “Daut-ota” chegara bojxona posti xodimlari tomonidan qo‘shni davlatdan respublikamizga kirib kelayotgan fuqaro I.K boshqaruvidagi “DAF” rusumli yuk avtotransport vositasi bojxona nazoratidan o‘tkazilganida, avtomashinada 2 o‘ramda o‘tkir hidli, quritilib maydalangan “marixuana” giyohvandlik vositasi borligi aniqlangan.

***
Toshkent viloyati bojxona boshqarmasining kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi bo‘limi tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi idoralar bilan hamkorlikda Bektemir tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro X.N va G‘.X 9 dona karton qutida 60 million so‘mlik 2 ming dona “STOPER 2GM” nomli dori vositasini shartli xaridorga sotayotgan vaqtida to‘xtatib qolindi.

***
Yurtimizga xorijdan kirib kelgan, yo‘l kuzatuv hujjatlarida umumiy nom bilan qayd etilgan ayollar kiyimlari “Chuqursoy” tashqi iqtisodiy bojxona postida ko‘rikdan o‘tkazilganida tovarlar aslida qishgi kiyimlar ekani, shuningdek, hujjatda ko‘rsatilganidan 16 ming 320 dona ortiqcha ekanligi aniqlandi. Tekshiruv davomida ushbu tovarlarga 1 milliard 662 million so‘m qo‘shimcha bojxona to‘lovi hisoblandi.
Shuningdek, yana bir holatda “Sirg‘ali” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postida xorijdan olib kelingan umumiy qiymati 1 milliard 150 million so‘mlik kiyimlar bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganida, ushbu tovarlar aslida shimlar ekanligi ma’lum bo‘ldi va 361 million so‘m miqdorida bojxona to‘lovlari hisoblandi.
O‘zA