Bog‘lardan mo‘l hosil olish kuzgi parvarishdan boshlanadi
Buloqboshi tumanida qishloq xo‘jaligi ekinlari, bog‘ va tokzorlarda fitosanitariya barqarorlikni ta’minlash, zararli organizmlarning qishlovchi manbalarini kamaytirish, umuman, kuzgi agrotexnik tadbirlarni samarali tashkil etish va o‘tkazish masalalariga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy seminar bo‘lib o‘tdi.
Andijon viloyati Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi bosh boshqarmasi hamda qishloq xo‘jaligi boshqarmalari hamkorligida o‘tkazilgan seminarda oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi tizimida faoliyat yurituvchi o‘simliklar karantini va himoyasi yo‘nalishidagi inspektorlar, fitosanitariya laboratoriya xodimlari va mutaxassislar, fermer xo‘jaliklari vakillari, bog‘bonlar ishtirok etdi.
– Seminarni o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad, kuzgi agrotexnik tadbirlarni samarali o‘tkazish bo‘yicha bog‘bonlar, mutaxassislarning bilim va amaliy ko‘nikmalarini oshirishga qaratilgan, – deydi viloyat oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Mahmudjon Isroilov. – Shuningdek, hududlarda fitosanitar tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli tashkil etish, hamda fermer va bog‘dorchilik xo‘jaliklariga samarali uslubiy ko‘mak ko‘rsatishdan iborat.


Tadbirda viloyat Oziq-ovqat mahsulotlari bosh boshqarmasi xodimlari, soha mutaxassislari, institut olimlari tomonidan kuz-qish mavsumida bog‘larda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan fitosanitar va agrotexnik tadbirlar yuzasidan keng tushuncha va ma’lumotlar berildi.
Shuningdek, mevali daraxtlarga to‘g‘ri va sifatli shakl berish, zararkunandalarga qarshi kurashda kimyoviy vositalardan foydalanishni kamaytirish maqsadida aldamchi tutqich belbog‘larni bog‘lash hamda kuzgi nazorat yer kovlash jarayonlari amaliy mashg‘ulotlar orqali ko‘rsatib berildi.
Ishtirokchilar mazkur yo‘nalishdagi ishlarni samarali tashkil etish, ilg‘or tajribalardan foydalanish bo‘yicha o‘zlarining taklif, fikr va mulohazalarini bildirdi.


Qayd etilishicha, joriy yilda viloyatdagi 19 ming gektardan ortiq mevali bog‘larda kuzgi agrotexnik tadbirlarni o‘tkazish, zararli organizmlar miqdorini aniqlash uchun aldamchi tutqich belbog‘larni boylash hamda 50 ming gektar maydonda kuzgi nazorat yer kovlash ishlarini amalga oshirish rejalashtirilgan. Ayni kunda bu boradagi ishlar belgilangan reja asosida olib borilmoqda.
Shuningdek, seminar davomida fermer, bog‘bon va mutaxassislar o‘rtasida sohada qilinishi zarur bo‘lgan boshqa muhim ishlar yuzasidan ham savol-javoblar bo‘ldi.
Kuz-qish mavsumida profilaktik va agrotexnik tadbirlarni to‘g‘ri tashkil etish, zararli organizmlar tarqalishining oldini olish, bog‘larning fitosanitariya holatini yaxshilashga qaratilgan ishlar xalqimiz dasturxonini sifatli ekologik toza mahsulotlar bilan ta’minlashga ko‘mak beradi.
Faxriddin Ubaydullayev,
O‘zA muxbiri