Bog‘cha dasturxonidagi taomlar xavfsizligi kafolatlanganmi?
Farg‘ona shahridagi 2-, 7- va 47-sonli maktabgacha ta’lim tashkilotlarida tarbiyalanayotgan ayrim bolalar isitma, qorin og‘rig‘i, ko‘ngil aynishi va ich ketishi kabi belgilar bilan shifoxonaga murojaat qilgan.
Hozirda ularning kasallanishiga nima sabab bo‘lganini aniqlash maqsadida epidemiologik surishtiruv va laboratoriya tekshiruvlari olib borilmoqda.
Joriy yil 26-oktabr soat 11:00 holatiga ko‘ra, 28 nafar bola yuqumli kasalliklar shifoxonasida davolanmoqda. Shifokorlarning ta’kidlashicha, ularning umumiy ahvoli barqaror bo‘lib, og‘ir ahvoldagi bemorlar yo‘q. Shifoxonaga murojaat qilgan yana 23 nafar bolaning ahvoli ham qoniqarli deb baholangan. Ularga zarur tibbiy tavsiyalar berilgach, uy sharoitida davolanishga ruxsat etilgan. Ayni paytda kasallanishga olib kelgan omillar rasman tasdiqlanmagan. Shu bois holat yuzasidan tekshiruvlar davom ettirilmoqda.
Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qo‘mitasi matbuot xizmatiga ko‘ra, bog‘chalardagi ovqat mahsulotlari va tayyor taomlar tekshirilmoqda. Tekshiruvlarning dastlabki bosqichida bolalar iste’mol qilgan nonushta, tushlik va oraliq ovqatlar, shuningdek, oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib bergan tashkilotlar haqidagi ma’lumotlar o‘rganilmoqda. Shu maqsadda mahsulotlar va tayyor taomlardan bakteriologik tahlil o‘tkazish uchun namunalar olingan. Mutaxassislar laboratoriya natijalari kasallanish sabablariga oydinlik kiritishini bildirmoqda.
Qayd etilishicha, bunday holatlarda asosiy vazifa kasallik manbasini aniqlash, infeksiya tarqalishining oldini olish va bolalar ovqatlanishida oziq-ovqat xavfsizligi talablariga rioya etilganini baholashdan iborat.
Xo‘sh, aslida bog‘chalarda oziq-ovqat xavfsizligi kim tomonidan nazorat qilinadi?
Farg‘onadagi holat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida oziq-ovqat mahsulotlari va tayyor taomlar xavfsizligi ustidan nazorat qay darajada yo‘lga qo‘yilgani haqidagi savollarni yana kun tartibiga olib chiqdi.
Xususan, bog‘chalarga yetkazib berilayotgan mahsulotlarning sifati, ularning saqlanishi va tayyor taomlarning xavfsizligi kim tomonidan nazorat qilinishi muhim masala hisoblanadi.
Mazkur masalalar yuzasidan Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qo‘mitasi matbuot xizmati rahbari Sabina Sa’dinova izoh berdi.
Uning ta’kidlashicha, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 20-maydagi tegishli qaroriga muvofiq, har bir maktabgacha ta’lim tashkilotida oziq-ovqat mahsulotlari va tayyor taomlar sifatini o‘rganish bo‘yicha brakeraj komissiyasi faoliyat yuritadi. Komissiya oshxonaga qabul qilinayotgan mahsulotlar hamda tayyorlanayotgan taomlarning sifati, tashqi ko‘rinishi va iste’molga yaroqliligini tekshiradi. Tekshiruv natijalari maxsus brakeraj daftariga qayd etiladi. Komissiya tarkibiga tarbiyachi, oshpaz, tarbiyalanuvchilarning ota-onalari yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar vakillari kirishi mumkin.
Qo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qo‘mitasi xodimlari tomonidan brakeraj komissiyalari faoliyati yuzasidan tushuntirish va o‘quv ishlari olib borilgan. Maktabgacha ta’lim tashkilotlarida oziq-ovqat xavfsizligi ustidan nazorat amaldagi tartib asosida doimiy ravishda bajariladi. Shuningdek, bunday holatlarning oldini olish maqsadida nazorat choralari muntazam tashkil etib kelinayotgani qayd etilgan.
Biroq, Farg‘onadagi holat bo‘yicha yakuniy xulosa laboratoriya va epidemiologik tekshiruvlar natijalari asosida beriladi. Tekshiruvlar yakunlangach, bolalarning kasallanishiga olib kelgan omillar aniqlanadi va mas’ul tashkilotlar harakatlariga huquqiy baho berilishi kutilmoqda.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA