Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 541 yilligiga

Men o‘zbek mumtoz adabiyotining buyuk vakillaridan biri Zahiriddin Muhammad Bobur ijodi bilan o‘tgan asrning 60-yillarida, Farg‘ona davlat pedagogika institutining (hozirgi universitet) tarix-filologiya fakultetida o‘qib yurgan paytimda tanishganman. Bizga tarix, adabiyotshunoslik, tilshunoslik fanlaridan saboq beradigan ustozlarimiz g‘oyat bilimdon, so‘zamol va yangicha fikrlaydigan olimlar edi. Ularning darsda aytgan ayrim fikrlari yoshligidan sho‘ro mafkurasi ta’sirida tarbiyalanib voyaga yetgan bizdek yosh, anchayin g‘o‘r, omi talabalarni hayratga solardi. Masalan, tarix fanidan saboq bergan kichik bo‘yli, miqti gavdali ustozimiz dotsent Akbarali Umaraliyev ilk darsidayoq “Tarix yolg‘onni yoqtirmaydi, haqiqatning ko‘ziga tik qarash kerak. Qachonlardir yolg‘oni fosh bo‘ladi. Masalan, Rossiya imperiyasi  O‘rta Osiyoni o‘ziga qo‘shib olmagan,  balki bosib olgan” deganida “Domlamiz siyosatga qarshi gapirdi-yov” deb dahshatga tushganmiz. Yoki yirik adabiyotshunos, o‘zbek mumtoz adabiyotining katta bilimdoni Akramjon Ibrohimov sira qo‘rqmay o‘sha paytda  Sho‘ro adabiyoti darsliklarida “diniy-mistik”, “feodal-klerikal”, “saroy” adabiyoti vakillari sifatida  kamsitilgan Shayx Ahmad Yassaviy, Sulaymon Boqo‘rg‘oniy, Nosiriddin Rabg‘o‘ziy kabilar ijodi bo‘yicha ehtiros bilan yonib ma’lumot berardilar. Bularsiz o‘zbek adabiyoti tarixini to‘la tasavvur etib bo‘lmasligiga, tarix esa yolg‘onni emas, balki haqiqatni yozishga mas’ul ekanligiga ishontirardi. Men o‘rta ta’lim maktabi dasturiga kiritilmagan Bobur ijodi bilan ham ana shu ustozim Akramjon Ibrohimov orqali xabardor bo‘ldim va bir umr uning shaydosiga aylandim.

Ustozimiz sinov va imtihonlarda yoddan she’r o‘qib berishni talab qilardi. She’r yodlamagan, uni tahlil qilib bermagan talabaning ijobiy baho olishi amrimahol edi. Ustozning bu fe’lini yuqori kurs talaba-laridan eshitib olganimiz tufayli ertadan kechgacha g‘azal va ruboiy yodlardik. Domla ko‘p she’r yodlaganlarni juda yoqtirar, qancha vaqt ketsa ham indamay eshitardilar va oxirida maqtab-maqtab baho qo‘yardilar. To‘g‘risi, ustozdan “a’lo” baho olish juda qiyin edi. Buni yaxshi bilganimdan darsda o‘tilgan shoirlarning har biridan kamida 10-15 tadan she’r yodlab olardim. 1-kursning 2-semestrida “O‘zbek adabiyoti tarixi” fanidan imtihon bo‘ldi. Odatdagidek, ustozimiz stol ustiga sinov biletlarini yoyib qo‘ydilar. Har birimiz bittadan olib, tayyorlik ko‘ra boshladik. Iqbolimni qarangki, menga “Bobur lirikasi” degan savol tushibdi! G‘oyat xursand bo‘ldim, negaki, o‘sha paytda Boburning radiodan kuniga kamida  o‘n martalab yangraydigan “Qaro zulfing”, “Qoldimu”, “Topmadim” kabi g‘azallariga bastalangan qo‘shiqlarni yodlab, o‘zimcha xirgoyi qilib yurardim. Biletdagi “Eng qadimgi yozma adabiy yodgorliklar” haqida apil-tapil gapirdim-da, domlamning “To‘xtang” deyishini ham kutmay, “Ikkinchi savol. Bobur lirikasi” deb e’lon qildim. Domla “O‘h!” dedilar-da, bir qimirlab, stulga joylashibroq o‘tirdilar va “Boshlang!” degandek bosh irg‘adilar. Shundan so‘ng ishtiyoq bilan Boburning lirik merosi, undagi janrlar, mavzusi, lirik qahramon, Vatan, yor obrazlari haqida jo‘shib gap boshladim. Shoirning har bir g‘azalida o‘zining hayot yo‘li, ko‘rgan-kechirganlari, boshidan o‘tgan voqealar aks etishini aytib, “Charxning men ko‘rmagan jabru jafosi qoldimu? Xasta ko‘nglim chekmagan dardu balosi qoldimu?” matla’si bilan boshlanuvchi g‘azalini o‘qiy boshladim.Birdan esimdan chiqib qolsa bo‘ladimi? Shuncha takrorlayman, qani keyingi band yodimga kelsa?! Domla esa menga dalda berib, “Ha, nega jimib qoldingiz? Aytmaysizmi?” deb turibdilar. Oxiri ichimda qo‘shig‘ini ayta boshladim va birdan keyingi misralar ham quyilib keldi. Shunday vaziyatda shoirning juda ko‘p g‘azal, ruboiy, tuyuqlaridan o‘qidim. Ustozim xursand bo‘lib “a’lo” qo‘ydilar.

Ma’lumki, Zahiriddin Muhammad Bobur hazrat Alisher Navoiydan keyin  mumtoz adabiyotimizning ulug‘ vakillaridan biri hisoblanadi. Buni men keyinroq, shu dargohda ishlab yurgan yillarimda uning ijodi bilan tanishganim sari chuqurroq anglay boshladim. Bobur chindan ham buyuk Sharq adabiyotiga ham shakl, ham mazmun, ham mavzu va muammolar ko‘lamining kengligi jihatidan o‘ziga xos san’tkor sifatida kirib keldi. Uning bu fazilatini Alisher Navoiyning ijodiy merosi bilan qiyoslasak, yanada aniqroq ko‘zga tashlanadi. Hazrat ijodi bilan tanish o‘quvchi Boburning sodda, tushunarli, aynan hozirgi kunda istifoda etilayotgan xalq jonli so‘zlashuv nutqiga oid so‘z va iboralarni ko‘rib, ular o‘rtasida katta farq borligini sezadi. Bu menimcha, o‘z zamonida shakllangan adabiy muhit uslubi bilan bog‘liq bo‘lsa kerak. Undog‘ desam, Navoiydan oldinroq, hatto bir davrda yashagan Sakkokiy, Atoiy, Lutfiylar uslubi ham sodda va tushunarli ekanligi bilan e’tiborni tortadi. Buning ustiga Bobur butun umri davomida yurtma-yurt kezdi, o‘z Vatanidan ayrilib, chet o‘lkalarda yashashga majbur bo‘ldi. Bu yerdagi omma bilan muloqot qilish uchun ularning tilini o‘rgandi. Saroyda ishlagan o‘sha millat vakillari bilan o‘sha tilda gaplashishni odat qildi. Bu shubhasiz, uning o‘z ona tili boyliklarini mukammal bilishiga xalaqit bermasligi mumkin emasdi. Biroq Bobur hazratlari bunday to‘siqlarni mardonavor yengib o‘tdilar. Shu boisdan ul zotning merosi hozirgi o‘zbek adabiy tilining eng go‘zal namunalari sifatida o‘rganilishga arziydi.  

Dadil aytish mumkinki, Bobur ham xuddi ustozi Alisher Navoiy singari o‘zining mumtoz she’riyatga olib kirgan ko‘plab yangiliklari bilan ajralib turadi. U Sharq lirik she’riyatining barcha janrlarida ijodiy islohotlarni amalga oshirdi. Bu boradagi xizmatlari uni ham bemalol reformator ijodkor, novator san’atkor deb atashimizga huquq bera oladi. Bu yangiliklar birinchi galda Bobur qalamiga mansub barcha tur va janrlarda yaratilgan katta-kichik asarlarning ixchamligida, so‘zni tejab ishlatishida, arab, fors tillariga xos so‘zlardan ko‘ra o‘zbek  xalq jonli so‘zlashuv nutqiga oid so‘z va iboralardan unumli foydalanishida, tasvirning lo‘ndaligida ko‘zga yaqqol tashlanadi.  

Bobur g‘azallariga xos birinchi yangilik ularning ixchamligidir. Shoir  g‘azallarining ko‘pi 5 baytdan oshmaydi. Eng katta g‘azali 8 yo 9 baytdan iborat. Navoiyda esa 5-6 baytlik g‘azallar uchramaydi, ular kamida 8, ko‘pi 9-14 baytgacha davom etadi. Boburning lirik va epik asarlari markazida uning shaxsi birinchi o‘rinda turadi. Qariyb hammasida lirik “men”ning his-tuyg‘ulari, qalb iztiroblari, ko‘rgan-kechirganlari ifodalangan.  Boburning har bir asarida uning shaxsiy hayotiga oid fakt va raqamlarni, boshidan kechirgan voqealarning badiiy ifodasini ko‘ramiz. Asarlarida bayon qilingan voqea-hodisalar, fakt va raqamlar orqali bemalol muallif hayoti va ijodini tiklash mumkin. Shuning uchun san’atkor qalamiga mansub merosni sira ikkilanmay XV asrning so‘nggi, XV1 asrning dastlabki choragida kechgan Bobur hayotining hasbi holi, yilnomasi deb atasak bo‘ladi. Ulug‘ so‘z san’atkori ijodiga xos bu o‘lmas fazilat o‘z davrida ham, so‘nggi yillarda yashagan olimlar tomonidan ham alohida ta’kidlangan. Zero, bu fikrimizni “Boburnoma”dan tortib, har bir g‘azali, ruboiy, tuyuq va qit’alari isbotlab turibdi. Bobur qalamiga mansub bunday asarlarni o‘qib, bemalol uning hayoti qanday kechganligini, shoir ikki o‘t orasida  qiynalib yashaganligini va buning tub sabablarini batafsil bilib olamiz.  

Boburning barcha g‘azallarida izhor va inkor tasviri, “men”, “sen” va “u”ning taqdiri tazod san’ati vositasida ifodalanadi. Qariyb har bir baytda biri ikkinchisini inkor qiluvchi tashbehlar, obrazlar, vosita va iboralar uchraydi. Lekin lirik qahramon o‘zining izhorini inkor etuvchi ob’ektni qarg‘amaydi, undan  shikoyat qilmaydi, norozi bo‘lmaydi. Aksincha, “men” “u”ning inkoridan zavqlanadi, visolidan umidvor bo‘lib, tushkun-likka tushmaydi. Olloh oldidagi bandalik, yurt oldidagi farzandlik, ma’shuqa huzuridagi oshiqlik burchi uni umid bilan yashashga undaydi. Natijada lirik qahramon o‘quvchi ko‘z o‘ngida o‘lmas optimist, tolmas intiluvchi, irodali oshiq qiyofasida namoyon bo‘ladi.

Ana shunday g‘azallaridan biri haqida to‘xtalishni lozim topdim. Unda shoir bir yo‘la to‘rtta lirik obrazga murojaat qiladi. Bular Olloh, Vatan,  ma’shuqa va ko‘ngildir. Lirik qahramonning murojaati har to‘rtala obrazga teng qaratiladi. Ko‘pincha bu obrazlar birlashib ham ketadi va bu hech qanday tajjub tug‘dirmaydi. Bilamizki, Bobur umr bo‘yi ona yurtidan ayro yashadi, so‘nggi kunigacha uning visoliga yetishdan umidvor bo‘ldi. Uning hayoti mudom sarson-sargardonlikda, jang maydonlarida, tashvishu taloshlar girdobida o‘tdi. Ba’zan, yozganlari bilan tanisha turib, “Bechora Bobur! Biror kunini bemalol, betashvish, oyog‘ini uzatib, huzur-halovatda o‘tkazganmikan?” deb o‘ylab qolaman va bu savolimga javob topolmay qiynalaman. Ochig‘i, niyatiga yetish g‘oyat mushkul edi. Men tahlil qilmoqchi bo‘lgan mana bu g‘azalda lirik qahramon-shoirning ichu toshini kuydirgan ana shu dardning sintezlashgan tasviriga guvoh bo‘lamiz:

Agarchi sensizin sabr aylamak, ey yor, mushkuldur,

Sening birla chiqishmoqlik dag‘i bisyor mushkuldur.

Mizojing noziku sen – tund-u, men bir beadab telba,

Sanga holimni qilmoq, ey pari, izhor mushkuldur.

Ne osig‘ nola-yu faryod xobolud baxtimdin,

Bu unlar birla chun qilmoq ani bedor mushkuldur.

Manga osondurur bo‘lsa, agar yuz ming tuman dushman,

Vale bo‘lmoq jahonda, ey ko‘ngul, beyor mushkuldur.

Visolinkim tilarsen, nozini xush ko‘rgul, Bobur –  

Ki, olam bog‘ida  topmoq guli bexor mushkuldur.

Ajabki, Boburning bu nolasi, faryodi,  umidi, orzusi – barchasi ana shu mushkul vazifani sabr-toqat, chidam bilan yengish, niyatiga yetish istagi bilan sintezlashib ketgan. Atigi 5 bayt, o‘n misra, 70 ta so‘zdan iborat bo‘lgan bu ixcham g‘azalda olam-olam mazmun, vatanparvar, insonparvar shoirning otashin tuyg‘ulari, iztiroblari, nolayu fig‘oni jamlangan.  Lirik qahramon – Boburning tortayotgan azobini, iztirobini, hal etib bo‘lmas mushkul holatini soddagina qilib quyidagicha ifodalash mumkin: “Ey, Ollohim (Ey Vatan! Ey yor! Ey ko‘ngil!)! Agar sensiz sabr aylash nechog‘lik qiyin bo‘lsa, sening marhamatingga erishish undan ham  mushkuldir. Chunki tabiating shu qadar nozikki, tund holingni ko‘rib, men bir beadab telba oshig‘ing holimni izhor etolmay qiynalaman. Uyqusirab nolayu faryod chekkanimdan nima foyda? Axir, bu ojizona tovushim seni uyg‘ota olmaydi-ku! Aslida men uchun behisob (satrdagi “o‘n ming tuman” bir million hisobida) dushmanni yengish Seningdek yordan ayrilishdan ko‘ra osonroqdir. Ey, Bobur (“Ey, ko‘ngil”)! Agar yoring (Ollohing, Vataning) visolini tilar ekansan, uning nozu istig‘nosini ham xush ko‘rgil. Axir, aytadilar-ku, “gul tikansiz bo‘lmaydi” deb.”

Bu soddagina g‘azalda ijodkor uslubiga xos o‘nlab fazilatlarni ko‘rish mumkin. Bobur umrining so‘nggida endi ona yurt visoli nasib etmasligini angladi, shekilli, g‘azallaridan birida bu kayfiyatini quyidagicha bayon qildi:

O‘tdi el bo‘lmoqdin ul yosh, men qarig‘um ishqida,

O‘lganim yaxshi bu nav ar o‘tsa ellikdin yoshim (205-b.).

Shoir avliyolik qilgan ekan: Vatani visolini orzu qila-qila uch kam ellik yoshida boqiy dunyoga safar qildi.

Xullas, buyuk reformator va tolmas novator san’atkor Zahiriddin Muhammad Boburning badiiy xazinasida hali izlovchilar qadami yetmagan hududlar talaygina. Ular o‘zining kashf etilishini intizorlik bilan kutib turibdi.

Yo‘ldoshxo‘ja Solijonov,

Farg‘ona davlat universiteti professori, filologiya fanlari doktori.

O‘zA

English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bobur – reformator va novator san’atkor