Boʻyoqlar aks etgan koʻrgazma
Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi Ikuo Xirayama xalqaro madaniyat karvon saroyida Rassom Soliy Qodirovning “Boʻyoqlar sehri” nomli shaxsiy koʻrgazmasi ochildi.
Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi Ikuo Xirayama xalqaro madaniyat karvon saroyida Rassom Soliy Qodirovning “Boʻyoqlar sehri” nomli shaxsiy koʻrgazmasi ochildi.
Soliy Qodirov 1950-yilda Xorazm viloyatining Urganch shahrida tugʻilgan. U 1967-1972-yillarda Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetida tahsil olgan. Serqirra rassom Oʻzbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi aʼzosi. U tasviriy sanʼatning rangtasvir, grafika va haykaltaroshlik turlarida ijod qiladi.
Muallifning asarlari Germaniya, Italiya, Yaponiya va Rossiya mamlakatlaridagi shaxsiy kolleksiyalarda saqlanadi. Shuningdek, koʻplab asarlari Respublika badiiy koʻrgazmalar direksiyasi jamgʻarmasi, Urganch zamonaviy sanʼat muzeyi, K.Behzod nomidagi Sharq miniatyurasi sanʼati muzeyidan oʻrin olgan.
“Boʻyoqlar sehri” nomli koʻrgazmada rassomning 50 dan ortiq ishlari namoyish qilindi. Tomosha jarayonida grafika usulidagi har bir kartinaga razm solib qararkansiz, ulardagi alohida va oʻzgacha mazmunni, chizgilardagi soddalik hamda hayajonni his qilishingiz mumkin.
“Grafika” soʻzi grekcha soʻz boʻlib “yozish”, “chizish” degan maʼnolarni bildiradi. U tasviriy sanʼatning qadimiy turlaridan biri sifatida uzoq yillik tarixga ega.
Mamlakatimizda grafika sanʼati XX asrda shakllandi. Mazkur sanʼat turiga oʻzining katta hissasini qoʻshgan va maktabini yaratgan taniqli rassomlardan I.Ikromov, V.Kaydalov, L.Abdullayev, K.Basharov, M.Kagarov, L.Davatslarni alohida tilga olish mumkin. Tomoshabin mutaxassislarning eʼtiroficha, rassom Soliy Qodirov ham ushbu yoʻnalishda oʻzining serqirra ijodini namoyish qila oldi.
Koʻrgazma 30-sentyabrgacha davom etadi.