Bo‘lajak chempionlar maskani
Mamlakatimizda navqiron avlodning jismonan sog‘lom, ma’nan yetuk insonlar bo‘lib ulg‘ayishi, o‘zlari xohlagan sport turi bilan shug‘ullanishi uchun zarur sharoit yaratish maqsadida zamonaviy bolalar sporti inshootlari qurish va jihozlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Mamlakatimizda navqiron avlodning jismonan sog‘lom, ma’nan yetuk insonlar bo‘lib ulg‘ayishi, o‘zlari xohlagan sport turi bilan shug‘ullanishi uchun zarur sharoit yaratish maqsadida zamonaviy bolalar sporti inshootlari qurish va jihozlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi ko‘magida o‘tgan yillar davomida Qoraqalpog‘iston Respublikasida ko‘plab shunday maskanlar barpo etildi va zarur jihozlar bilan ta’minlandi.
Nukus shahridagi tennisga ixtisoslashtirilgan maktabda 700 nafarga yaqin o‘g‘il-qiz tennis va stol tennisi bilan shug‘ullanmoqda. 16 nafar tajribali murabbiy saboq berayotgan maktab Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasining 1 milliard 200 million so‘m mablag‘i evaziga bunyod etildi va zamonaviy jihozlandi.
– Maktabda yoshlarning zamonaviy bilim olish bilan birga, tennis sirlarini puxta egallashi uchun barcha imkoniyat mavjud, – deydi maktab direktori Anvar Nurjonov. – Muhtasham tennis korti, keng va yorug‘ sport zallari bu yerda xalqaro miqyosdagi musobaqalarni o‘tkazish imkoniyatini ham beradi.
Yaratilgan sharoitlardan samarali foydalanayotgan maktab o‘quvchilari turli musobaqalarda muvaffaqiyatli ishtirok etib, muntazam sovrindorlar qatoridan o‘rin olmoqda. Ayniqsa, Muxambet Daryaboyev, Quvonch Alimqulov va Sevara Bo‘ronqulovaning tennis, Qutlimurat Asamaddinov, Adolat Reyimboyeva va Gulxon Jalg‘asboyevaning stol tennisi bo‘yicha erishayotgan natijalari quvonarli bo‘lmoqda. Maktab tarbiyalanuvchisi Nasiba Yesbo‘lova joriy yilda mamlakatimiz poytaxtida tennis bo‘yicha o‘tkazilgan musobaqalarda ikkinchi o‘rinni egallab, O‘zbekiston terma jamoasiga qabul qilindi.