BMT maxsus maʼruzachisi Samarqandda boʻldi
Mamlakatimizda mehmon boʻlib turgan BMT Inson huquqlari boʻyicha kengashining Sudyalar va advokatlar mustaqilligi masalalari boʻyicha maxsus maʼruzachisi Diyego Garsiya-Sayyan boshchiligidagi delegatsiya 23-sentyabr kuni Samarqandga keldi.
Mamlakatimizda mehmon boʻlib turgan BMT Inson huquqlari boʻyicha kengashining Sudyalar va advokatlar mustaqilligi masalalari boʻyicha maxsus maʼruzachisi Diyego Garsiya-Sayyan boshchiligidagi delegatsiya 23-sentyabr kuni Samarqandga keldi.
Martabali mehmonlarni Samarqand xalqaro aeroportida viloyat hokimi E.Turdimov kutib oldi. Delegatsiya aʼzolari Toyloq tumanida yangi qurilgan sud binosida boʻlib, bu yerda yaratilgan shart-sharoit va imkoniyatlar bilan tanishdi. Mazkur binoda endilikda tumandagi jinoyat, fuqarolik, maʼmuriy va iqtisodiy sudlar faoliyat koʻrsatadi.
Diyego Garsiya-Sayyan shu yerda viloyatdagi sudlar raislari bilan suhbatlashdi. Muloqot chogʻida keyingi yillarda mamlakatimiz sud-huquq tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, sudlar mustaqilligini toʻla taʼminlash, sudyalarni davlat tomonidan ijtimoiy muhofaza qilish va ularning haq-huquqlarini kafolatlash borasidagi ishlar haqida maʼlumot berildi.
Shundan soʻng mehmonlar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Samarqand viloyatidagi Xalq qabulxonasiga tashrif buyurdi. Bu yerda aholi murojaatlari bilan ishlash jarayonlariga guvoh boʻlishdi. Qabulxona xodimlari va murojaatchilar uchun yaratilgan sharoitlar BMT vakillarida katta taassurot qoldirdi.
Delegatsiya aʼzolarining advokatlar palatasi Samarqand viloyat hududiy boshqarmasida advokatlar bilan muloqoti asosini mamlakatimizda advokatura tizimini tubdan takomillashtirish, professional yuridik yordam sifatini va advokat kasbining nufuzini oshirish borasida olib borilayotgan ishlar tashkil etdi. Mehmonlarga ushbu yoʻnalishda keyingi yillarda amalga oshirilgan ishlar haqida soʻzlab berildi.
– Oʻzbekistonga tashrifimizdan koʻzlangan asosiy maqsad – mamlakatda qonun ustuvorligini taʼminlashda, fuqarolarning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilishda mustaqil sud va advokatura institutining rolini oʻrganish, ularning faoliyati bilan tanishishdan iborat, – deydi BMT Inson huquqlari kengashining Sudyalar va advokatlar mustaqilligi masalalari boʻyicha maxsus maʼruzachisi Diyego Garsiya-Sayyan. – Shu maqsadda bir necha kundan buyon ushbu sohalar xodimlari, davlat va jamoat tashkilotlari, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari bilan uchrashmoqdamiz. Samarqanddagi muloqotlarimiz ham samarali boʻldi.
Samarqandga tashrif davomida mehmonlar viloyatdagi tarixiy-madaniy yodgorliklar, diqqatga sazovor maskanlarda ham boʻldi. Xususan, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bilan tanishuv chogʻida Diyego Garsiya-Sayyan viloyatdagi milliy madaniy markazlar va diniy konfessiyalar faollari bilan uchrashdi.